Sport | 16:49 / 18.11.2016
10733
10 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘yinlari: Madrid derbisi, Mourino yana Vengerga qarshi

Terma jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar nihoyasiga yetgach, bu haftadan boshlab Yevropada yana milliy chempionat o‘yinlari davom ettiriladi. Kuchli beshlikda bir qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. «Tribuna.uz» nashri Uik-endda muxlislarni zeriktirmaydigan o‘yinlari uchun anons taqdim etdi.

APL. 12-tur «Manchester Yunayted» - Arsenal (19 noyabr, 17:30. UzReport, Match! Futbol 1)

Yana Mourino-Venger to‘qnashuvi. Yana azaliy raqiblar bahsi. Angliya chempionatlari tarixida eng azaliy to‘qnashuvlardan biri bo‘lgan ushbu uchrashuv bu yilga kelib yana bir jihati bilan intriganing oshishiga sabab bo‘ldi. Mourino. Angliyada ishlagan vaqtida har doim Arsen Venger bilan doim keskin munosabatda bo‘lib kelgan portugaliyalik mutaxassis uchun uchrashuv yanada prinsipial ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

«Arsenal» APLda avgustda «Liverpul» bilan o‘yindan (3:4) buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. O‘sha kundan boshlab bugungi kunga qadar jamoa barcha musobaqalarda 16 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyaga ega bo‘ldi. 11 turdan keyin Venger shogirdlari 24 ochko to‘plagan holda «Manchester Siti» bilan 3-4 o‘rinlarni bo‘lib turishibdi. Mourino jamoasida esa ahvol u qadar yaxshi emas. So‘nggi turda «Suonsi» ustidan qozonilgan g‘alaba natijasida biroz o‘zini o‘nglab oldi. «Qizil iblislar» 18 ochko to‘plagan holda «Everton» bilan 6-7 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Chempionatning dastlabki qismidanoq jamoa peshqadamdan 9 ochko ortda qolmoqda. Mavsum boshida amalga oshirilgan mega xaridlarni inobatga olsak, juda yomon ko‘rsatkich. Ammo bir jihat bu o‘yinda baribir mezbonlar favorit ekanini ko‘rsatadi. Shu paytga qadar ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokidagi o‘zaro to‘qnashuvida Arsen Venger biror marta ham g‘alaba qozona olmagan – 11 uchrashuvda 6 g‘alaba, 5 durang Maur hisobida. Hattoki, o‘tgan yildagi o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘ynagan «Chelsi» bilan ham Mourino Vengerdan ustun kelgan.

Yo‘qotishlar. «Manchester Yunayted» safida anchadan buyon jarohati sabab ko‘rinish bermayotgan Antonio Valensiya, Erik Bayilar bu uchrashuvda ham maydonga tusha olishmaydi. Shuningdek Maruan Fellaynining ham terma jamoa uchrashuvlari paytida jarohati borligi sabab maydonga tushmagani bu o‘yinda ham uning ishtirokini so‘roq ostida qoldiradi. Runida ham vaziyat biroz chigalroq. Terma jamoada yuzaga kelgan mojaroli vaziyatdan keyin uning qanchalik o‘ziga kelib olgani no'malum bo‘lib qolmoqda. Biroq jamoaning eng katta yo‘qotishi bular emas. «Suonsi» bilan o‘yinda ogohlantirilgan Zlatan Ibrahimovich sariq kartochkalar soni oshib ketgani uchun bu uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. «Arsenal» safida esa eski jarohat bo‘yicha Santi Kasorla va o‘tgan haftada oyog‘ini shikastlab olgan Ektor Belerinlar o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek Janubiy Amerikadan kechroq qaytgan Aleksis Sanchesning jismoniy holati qanday bo‘lishi ham so‘roq ostida qolmoqda.

 

La-liga 12-tur. Atletiko - Real Madrid (20 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Diyego Simeone «Atletiko» boshqaruvini qo‘lga olganidan buyon Madrid derbisi yanada e'tiborli uchrashuvlardan biriga aylandi. Kamtargina jamoani Yevropaning grandlari qatoriga olib chiqqan argentinalik murabbiy YeChL finalida uchralgan mag‘lubiyatdan keyin ilk marta Zidan jamoasiga qarshi to‘qnash keladi

Bu mavsumda biroz boshqacharoq o‘yin uslubida (Simeone shogirdlarining to‘pni nazorat qilish va hujum qilish ko‘rsatkichi o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli darajada o‘sgan) harakat qilayotgan «Atletiko» dastlabki bir necha muhim ochkolarni boy berdi. O‘tgan turda madridliklar «Real Sosedad» mehmoni bo‘lib (0:2), imkoniyatni boy bergandi. 11 turdan keyin «matraschilar» hisobida ochkolar soni 21tani tashkil qilmoqda va jamoa «Sevilya» bilan 4-5 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Zidan shogirdlarida esa vaziyat umuman boshqacha. Jamoa chempionat boshlanganidan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. 11 uchrashuvda 27 ochko to‘plagan «qaymoqranglilar» asosiy ta'qibchisi «Barselona»ni 2 ochkoga ortda qoldirib peshqadamlik qilmoqda.

Yo‘qotishlar. «Real» Madrid derbisi oldidan juda ko‘p futbolchilardan jarohat sabab foydalana olmaydi. Toni Kroos, Kazemiro, Karim Benzemalar qatoriga o‘tgan haftada terma jamoa o‘yinida shikastlangan Alvaro Morata ham qo‘shildi. Natijada «Real» muhim o‘yin oldidan asosiy tarkibdagi markaziy hujumchilarsiz qoldi. Ammo eng katta yo‘qotish sifatida jamoa sardori Serxio Ramosni ko‘rsatish mumkin. Jarohatidan forig‘ bo‘lganiga qaramay Ramosning maydonga tushish katta so‘roq ostida qolmoqda. «Atletiko»da esa deyarli barcha asosiy tarkib futbolchilari uchrashuvda ishtirok etishga tayyor holatda. Augusto Fernandes va Nikolas Gaytanlarning asosiy tarkibda muqim o‘rin olmaganini hisobga olsak, ularning maydonga tushmasligi sezilarli bo‘lmasligi tabiiy. Faqatgina butunlay boshqa soat mintaqasi sanalgan Janubiy Amerikadan yetib kelgan futbolchilarning holati bo‘yicha savollar mavjud.

 

Bundesliga. 11-tur.  «Borussiya D» - «Bavariya» (19 noyabr, 22:30, Match! Futbol 3)

Nemischasiga aytganda Der Klassiker muntazam ravishda muxlislar qiziqishiga sabab bo‘lib kelgan, «Borussiya»ning muvaffaqiyatsiz yillarida ham, chempionlik kurashiga qo‘shilgan paytlarida ham.

Joriy mavsumda ikkala jamoa ham o‘tgan mavsum bilan solishtirganda unchalik ishonchli o‘yin ko‘rsatmayapti. Kamida qayd etilayotgan natija borasida. «Bavariya» chempionatda peshqadamlik qilayotgan bo‘lishi mumkin (jamoa hisobida 10ta uchrashuvda 24 ochko mavjud). Biroq yo‘qotilgan ochkolarga e'tibor bersak, Gvardiolaning «Bavariya»siga qaraganda, Anchelotti jamoasining biroz past ko‘rsatkich qayd etayotganini ko‘rishimiz mumkin. Albatta italiyalik murabbiyning bu birinchi mavsumi ekanini ham hisobga olish lozim. Odatda Anchelotti yangi jamoa qurishda ehtiyotkorlik va shoshmaslikka harakat qiladi. Tomas Tuxel shogirdlari esa mavsumni bir tekisda o‘tkaza olmayapti. Juda ko‘plab yosh va yangi futbolchilar bilan yangi jamoa qurayotgan dortmundliklar 10ta uchrashuvda 18 ochko to‘plab 5-o‘rinda bormoqda. Pulishich-Obameyang-Dembele uchligi bahorga kelib to‘liq sport formasiga kirib olsa, raqiblarga qiyin bo‘lishi mumkin. Hozircha esa jamoa barqaror futbol ko‘rsata olmayapti.

Yo‘qotishlar. Sog‘ paytidan ko‘ra, jarohatda ko‘p vaqtini o‘tkazayotgan Marko Roys o‘yinga qadar to‘liq mashg‘ulotlarga qaytdi. Biroq uning jismoniy holati uchrashuvda maydonga tushishini suroq ostida qoldirmoqda. «Bavariya»da esa Riberining yo‘qligi ancha vaqtdan buyon deyarli sezilmayapti. Bu uchrashuvda ham sezilmasa kerak.

 

A seriya. 13-tur. «Milan» - «Inter» (21 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45, Match! Futbol 2)

Italiya chempionati tarixidagi eng mashhur derbi so‘nggi yillarda o‘z saviyasini biroz yo‘qotib qo‘ygandek. Biroq nom jihatdan bu derbi hamon katta qiziqishga sabab bo‘lib kelmoqda.

Bu mavsumda Vinchentso Montella murabbiyligidagi «rossonerlar» nisbatan yaxshi ishtirok etishmoqda. 12 turdan keyin «Milan» hisobida 25 ochko mavjud va jamoa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi 3-o‘rinda bormoqda. «Inter»da esa vaziyat boshqacharoq klub ikki oy ichida ikkita marotaba murabbiy almashtirdi. Mavsumni muvaffaqityasiz boshlagan Frank De Bur iste'foga chiqarilib Stefano Pioli bosh murabbiy etib tayinlandi. Piolining debyut uchrashuvi aynan derbiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yo‘qotishlar. «Inter» tarkibida Ever Banega Gabriyel Barboza va Antonio Kandrevaning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Bunday muammo esa «Milan»da mavjud emas. Donnaruma, Lokatelli kabi yosh futbolchilarning ajoyib o‘yinlari jamoaning muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shmoqda

 

Bonus
Bundesliga. 11-tur. Bayyer - RB Leyptsig (Bugun. 00:30. Match! Futbol 3)

Germaniya chempionatidagi debyut mavsumidayoq shov-shuv ko‘targan «Red Bull Leyptsig» bugun «Bayyer» mehmoni bo‘ladi. «Bavariya» markaziy uchrashuvda ochko yo‘qotishi ehtimoli yuqori bo‘lib turibdi. Agar leyptsigliklar bugungi uchrashuvda g‘alaba qozonsa, hattoki peshqadam bo‘lib olish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid