16:05 / 18.11.2016
5022

Malayziya sobiq bosh vaziri xalqni joriy bosh vazirga qarshi namoyishga chaqirdi

Foto: Reuters

Shu kunlarda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda bir necha o‘n minglab kishilar ishtirokidagi ommoviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bosh vazir Najib Razzoqning sog‘liqni saqlash milliy fondidan ko‘p milliardli pullarni o‘zlashtirganligiga doir xabarlarning paydo bo‘lishi aholining noroziligini keltirib chiqargan. Bu haqida Quartz nashrida ma'lum qilindi. 

Norozilik harakati yetakchilaridan biri - Malayziya hukumatining sobiq rahbari 91 yoshli Maxatxir Muhammad. U o‘z tarafdorlari bilan bir qatorda ko‘zdan yosh chiqaruvchi gazdan nafas olmoqda va Kuala-Lumpurdagi namoyishlarni noqonuniy deb bilgan politsiyaga qarshi chiqmoqda. Biroq bir necha yil avval u bunday demokrat va omma tarafdori bo‘lmagan.

Muhammad 20 yillik hukmronligi davomida (1981-2003) nafaqat "kuchli inson" sifatida taassurot qoldirgan, balki hech qanday sudsiz 11 taniqli dissidentni panjara ortiga yo‘llab, bir necha sudyalarni jazosiz iste'foga chiqarishga ham ulgurgan. Shuningdek u o‘zining o‘rinbosarini ham korrupsiyada ayblab, hibsga olishni buyurgan. 

2003 yilda Maxatxir Muhammad o‘z xohishiga ko‘ra iste'foga chiqqan, o‘zining o‘rniga esa o‘sha paytdagi moliya vaziri Abdullo Abdaviyni qoldirgan. Besh yil o‘tgach, u "Birlashgan malay milliy tashkiloti" partiyasidan chiqishiga to‘g‘ri kelgan. 

Maxatxir Muhammadning Abdaviyga bosim o‘tkazishga urinishi uning partiyadan chiqishiga sabab bo‘lgan. Uning maqsadi - yangi hukumat rahbari lavozimiga 53 yoshli Najir Razzoqni tayinlash bo‘lgan. Najir Razzoq - Maxatxirning partiyadagi do‘sti hamda Malayziyaning ikkinchi bosh vaziri Abdul Razzoqning o‘g‘li. 

2016 yilning 16 noyabrida Muhammad o‘z mamlakati fuqarolarini "Sof va adolatli tanlovlar koalitsiyasi" tomonidan tashkil etilgan norozilik namoyishlariga qo‘shilishga chaqirgan videosi tarqaldi. U o‘zining bayonotida mamlakatning "vahima"da ekanligi hamda davlatning qarzlardan xalos bo‘la olmayotgani haqida ma'lum qildi.

"Umid qilamanki, barcha malayziyaliklar ushbu Bersix (koalitsiyaning xalq ichidagi nomi) aksiyalariga qo‘shilishadi va mamlakatning shuncha pulni o‘margan inson tomonidan boshqarilishiga yo‘l qo‘yishmaydi".

Top