11:24 / 21.11.2016
5798

Hindistondagi poyezd halokatiga ishdan chiqqan rels sabab bo‘lgan

Foto: Reuters

Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida 133 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan tezyurar poyezd halokatiga relsdagi nuqson sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Times of India gazetasida qayd etilishicha, ushbu halokat mamlakatda keyingi 6 yil ichida sodir bo‘lgan eng jiddiy hodisa bo‘ldi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar poyezd xarobalari ostidan 133 kishining jasadini chiqarib olgan.

Ekspertlarning fikricha, halokat yozgi va qishki harorat o‘rtasidagi farq natijasida relsga shikast yetishi oqibatida ro‘y bergan. Halokat sabablari haqidagi rasmiy e'lonni keyinroq maxsus komissiya o‘qib eshittiradi.

Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00da Kanpur shahridan 100 km masofada Puxrayan stansiyasi hududida 2 ming kishini olib ketayotgan 23 vagondan iborat Indor—Patna tezyurar poyezdi halokatga uchradi. Poyezd o‘rta tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan, 14 vagon ag‘darilgan. Qayd etilishicha, vagonlarning aksari zamonaviy xavfsizlik talablariga javob bermaydigan holatda edi.

Hindiston yo‘l vaziri Suresh Prabxu bu hodisa bo‘yicha sinchkovlik bilan tekshiruvlar olib borilishi, aybdorlar topilib jazolanishi haqida ma'lum qilgan. U shuningdek, qurbonlarning oilalariga 350 ming rupiydan (5,2 ming dollar) bir martalik mukofotlar, jarohatlanganlarga esa 50 ming rupiydan (735 dollar) berilishi haqida bildirgan. Shuningdek, hodisa ro‘y bergan shtat uchun ham moliyaviy ko‘mak ajratiladi.

Aholisi 1,2 mlrd kishi bo‘lgan Hindistonda temir yo‘l eng ommaviy transport vositasi hisoblanadi va har kuni mamlakatdagi temir yo‘llar 20 million nafarga yaqin kishini o‘z manziliga yetkazadi.

Mavzuga oid
Top