Sport | 23:10 / 25.11.2016
7833
2 daqiqa o‘qiladi

«Atletiko» muxlisi UYeFA va Klattenburgni YeChL finali uchun sudga berdi

Madridning «Atletiko» jamoasi muxlisi Xose Antonio Kampon UYeFAni YeChLning o‘tgan mavsumi finali uchun sudga berdi. Bu haqda AS xabar tarqatgan.

O‘tgan mavsum finalida «Atletiko» «Real» bilan o‘ynagandi. O‘yinning asosiy vaqti va qo‘shimcha bo‘limlarda 1:1 hisobidagi durang qayd etilgan, o‘yindan keyin boshlangan penaltilar seriyasida 5:3 hisobida «Qirollik klubi» g‘alaba qozongandi. 

Kamponning ishonch bilan aytishicha, o‘sha o‘yinda hakamlik qilgan Mark Klattenburg «Real» himoyachisi Serxio Ramosning golini hisobga olib, xato qaror chiqargan. Uning fikricha, futbolchi bu golni ofsayddan urgandi. 

Shu sababli Kampon o‘yin chiptasi uchun sarflagan 160 yevrosi kompensatsiya sifatida qaytarilishini talab qiladi. U shuningdek, yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 1500 yevro so‘raydi.

«Agar kinoga borsangiz, lekin film ovozsiz bo‘lsa, siz chipta uchun to‘lagan pulingizni albatta qaytarib olishingiz kerak bo‘ladi. O‘yinda xatolarga yo‘l qo‘yilgandi. Serxio Ramosning ofsayddan urilgan goli hisobga olingandi. Men shunchaki o‘z foydamni ko‘zlayotganim yo‘q, balki dunyo futbolidagi vaziyat o‘zgarishini istayman.

Men shuning uchun sudga murojaat qildimki, yaqin vaqt ichida futbolda ofsaydni aniqlashda yordam beradigan texnik vositalar paydo bo‘lsin. Bunday vositadan sportning boshqa turlarida allaqachon foydalanishmoqda. Bunday hakamlik xatolari hamisha kuchsiz jamoalarga zarar keltirgan.

Aynan shuning uchun biz FIFAni va tashkilot xodimi Mark Klattenburgni sudga berdim», degan Kamponning advokati.

Mavzuga oid