16:23 / 25.11.2016
26975

Uch arab bolakay mushukning ketidan quvib ajalga yuz tutdi

Foto: gulfnews.com

Hessa, Muhammad, egizaklar Sulton va Xalifa - ularning hammasi 4 yoshda bo‘lib, bolakaylarning ayni o‘ynab-kuladigan, hayotdan zavqlanib yashaydigan payti edi. 

23 noyabr, chorshanba kunining ikkinchi yarmida to‘rt nafar qarindosh bolalar Hessaning Al-A'yndagi uyi tashqarisida o‘ynayotgan bo‘lishgan va bu yerda kutilmagan halokat yuz bergan. Gulf News shu haqida ma'lumot berdi. 

"Hessa, Muhammad, Sulton va Xalifa odatdagidek ko‘chada o‘ynash uchun chiqib ketishgandi", - deydi tushkun kayfiyatda bolalarning qarindoshi Umm Muhammad Al-Haliliy.

"Bolalar mushukni ko‘rib qolib, uning ketidan quvishga kirishishgan. Ularning onalari va qarindoshlari Asr namozini o‘qish uchun kirib ketishgandi.

Mushuk uyning orqa tarafidagi suvga to‘la quduqning yog‘och qopqog‘iga sakraganini ko‘rgan bolalar ham unga qarab sakrashgan.

Quduq qopqog‘i kutilmaganda tushib ketgan va bolalar birin-ketin quduqqa ag‘anashgan. Quduq 20 yil avval qazilgan bo‘lib, hozir tashlandiq ahvolda bo‘lgan. 

Bolalar Al-A'yndagi An-Naifia tumanidagi 50 metr chuqurlikka qulashgan. 

Bolalarning oila a'zolari ularni butun mahalla bo‘ylab qidirishgan va ularni quduqqa qulaganini bilgach, shok holatiga tushishgan". 

Al-A'yn politsiyasining favqulodda vaziyatlar va qutqaruv departamenti boshlig‘i mayor Muhammad Solih Al-Bilushiyning nashrga bildirishicha, politsiya jamoasi xabar kelib tushishi bilan darhol voqea sodir bo‘lgan joyga qarab yo‘l olgan. 

"Bolalar quduqdan chiqarib olindi. 4 yoshli Xalifa Muhammad Al-Darmakiy tirik holatda qutqarib olingan va Al-A'yn shifoxonasiga yetkazilgan, uning egiz ukasi Sulton Muhammad Al-Darmakiy hamda 4 yoshli qarindoshlari - Hessa Said Al-Haliliy va Muhammad Muborak Al-Haliliy esa quduqda halok bo‘lishgan. O‘limning sababini aniqlash ishlari olib borilmoqda", - deydi Al-Bilushiy. 

Bolalar jiddiy jarohatlar olishgan va havo yetishmasligidan jabr ko‘rishgan. 

"Xalifa jarohatlari bitgach, shifoxonadan qo‘yib yuborildi, biroq u haligacha shok holatida va ro‘y bergan voqealarga ishongisi kelmaydi", - qo‘shimcha qildi Umm Muhammad. 

Bola qarindosh-do‘stlariga nima bo‘lgani haqida gapirishdan bosh tortmoqda. Hozirda Xalifa psixolog huzurida davolash muolajalarini olmoqda. 

Hessaning otasi Said payshanba kuni Fransiyadan uchib kelgan. 

Bolakaylarning barchasi 2011 yilning oxirida dunyoga kelgan, ular bir bog‘chaga qatnashgan. Uch qarindosh-bola juma kuni Al-Fajr namozi o‘qilganidan keyin Al-Mutavia qabristoniga dafn etiladi. 

 

Top