Jahon | 09:17 / 30.11.2016
9371
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiya hukumati aviahalokat qurbonlari soniga aniqlik kiritdi

Kolumbiyada braziliyalik futbolchilarni olib ketayotgan samolyot halokatga uchrashi oqibatida avval xabar qilinganidek 75 kishi emas, 71 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Ondo Cero radiosi Kolumbiya falokatlar oqibatlariga qarshi kurash milliy markazi direktori Karlos Ivan Markesga asoslanib xabar bergan.

«Qidiruv-qutqaruv amaliyoti yakunlandi: 6 kishi jabrlangan va 71 kishi halok bo‘lgan, samolyotda jami 77 kishi bo‘lgan», — degan u. 

Aniqlik kiritilishicha, oxirgi lahzalarda 4 kishi uchishdan bosh tortgan.

Aviahalokatdan 3 nafar futbolchi omon qoldi (Alan Rushel, Jyekson Folman va Xelio Samper Neto), styuardessa Ximena Suares, jurnalist Rafael Xentsel va aviatexnik Ervin Tumeri. Halokat joyida tirik holda topilgan Markos Danilo keyinroq shifoxonada jon berdi.

Bundan avvalgi xabarlarda avialayner bortida 81 kishi — ekipajning 9 a'zosi, 72 yo‘lovchi bo‘lgani aytilgandi.

28 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:00da (Toshkent vaqti bilan 29-noyabr tongi) Santa-Krus-de-la-Serradan (Boliviya) Kolumbiyaning Medelin shahriga uchgan CP-2933 reysi Medelin (Antiokiya viloyati, La-Unon tumani) shahriga yetishga 20 km qolganida qulab tushdi. Taxmin qilinishicha, aviahalokatga yoqilg‘i tugab qolgani sabab bo‘lgan.

Bu reysda Braziliyaning «Shapekoense» jamoasi futbolchilari va xodimlari, shuningdek, jurnalistlar uchgandi. Klub Medelinga Janubiy Amerika Kubogi finalida «Atletiko Nasonal»ga qarshi o‘yinni o‘tkazish uchun ketayotgandi. Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMeBOL) qit'adagi barcha xalqaro o‘yinlarni, jumladan final uchrashuvini noma'lum muddatga qoldirdi.

Mavzuga oid