Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp o‘z ma'muriyatini tashkil etmoqda: Yana bir vazir kichik Bushning safdoshi
Foto: Reuters
Donald Tramp ma'muriyatida Eleyn Chao Transport vaziri lavozimini egallaydi. The Guardian xabariga ko‘ra, 29 noyabr kuni Trampning o‘zi shunday tanlovni amalga oshirgan.
Trampning qayd etishicha, Chaoning yetakchilik qobiliyatlari va tajribasi transport infratuzilmasini rivojlantirishda yordam beradi.
21 noyabr kuni Tramp va Chao xonim Nyu-Yorkdagi Trump Tower binosi hududida uchrashgan, ularning suhbati 2 soat davom etgandi.
Eleyn Lan Chao 63 yoshda bo‘lib, u Tayvanda xitoylik muhojirlar oilasida dunyoga kelgan. Uning oilasi Eleyn 8 yoshdaligida AQShga ko‘chib kelishgan. U siyosatchi bo‘lguniga qadar Citicorp va Bank of America muassasalarida faoliyat yuritgan. 1980-yillar oxirida u respublikachi prezidentlar ma'muriyatida muhim lavozimlarni egallagan. 1993 yilda u kentukkilik senator Mitch MakKonnellga turmushga chiqqan (hozirda AQSh Kongressi Senatida respublikachilar yetakchisi).
Chao xonim 1989-1991 yillarda transport vaziri, 2001-2009 yillarda — Mehnat vaziri (Jorj Bush prezidentligi davri) bo‘lgan. U kelib chiqishi osiyolik bo‘lganlar orasida AQSh Vazirlar mahkamasida o‘rin egallagan birinchi siyosatchi hisoblanadi.
29 noyabr kuni AQSh parlamentining Vakillar palatasi a'zosi Lu Barletta ma'lum qildiki, shu kuni Donald Tramp u bilan uni AQSh Mehnat vaziri etib tayinlash masalasini muhokama etgandi. Undan oldinroq, aynan u Transport vaziri etib tayinlanishi haqida xabarlar berilgandi.
18 noyabr kuni AQShning yangi saylangan prezidenti o‘z ma'muriyatidagi muhim lavozimlar uchun nomzodlarni belgilab olgani ma'lum bo‘lgandi. Unga ko‘ra, alabamalik senator Jyeff Seshns bosh prokuror, kanzaslik kongressmen Mayk Pompeo Markaziy razvedka boshqarmasi direktori bo‘lishi aytilgan.
Hozirda AQSh Davlat kotibi va Mudofaa vaziri bo‘lib turgan Jon Kerri va Eshton Karter o‘rniga keladigan amaldorlar nomi aniqlab olinmagan.
OAV bergan ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh Davlat kotibligiga Massachusets shtatining sobiq gubernatori Mitt Romni, Nyu-Yorkning sobiq meri Rudolf Juliani, Janubiy Karolina shtati gubernatori Nikki Xeyli, AQShning BMT qoshidagi sobiq maxsus vakili Jon Bolton kabi nomlar da'vogarlik qilmoqda.
Pentagonning yangi rahbari bo‘lish imkoniyatlari esa Dengiz piyodalari korpusining iste'fodagi generali Jyeyms Mattis va Nyu-Hempshir shtatidan bo‘lgan senator Kelli Eyottda mavjud.
Qo‘shma shtatlarda 8 noyabr kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp g‘olib chiqdi. U 2017 yilning 20 yanvarida inauguratsiya marosimidan keyin lavozimiga rasman kirishadi.
AQSh vazirlar mahkamasi Amerika hukumatidagi ijro etuvchi organlarning yuqori martabali amaldorlaridan tuziladi. Bunday tuzilmani mamlakatning ilk prezidenti Jorj Vashington davlatni boshqarishda maslahatlar olish uchun tuzgandi.
Mavzuga oid
10:29 / 12.08.2020
Tramp dunyodagi bosh muammoni ma'lum qildi
07:30 / 11.08.2020
Tramp Oq uy oldidagi otishma sababli matbuot anjumandan olib chiqib ketildi
22:47 / 10.08.2020
Tramp Portlendga milliy gvardiya kuchlarini kiritishga chaqirdi
03:48 / 10.08.2020