Jahon | 12:07
2315
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning qarorgohi yonida otib o‘ldirilgan shaxs 21 yoshli rassom bo‘lgan

Tramp qarorgohiga kirishga uringan paytida 22 fevral kechasi otib o‘ldirilgan qurollangan erkak - 21 yoshli Ostin Taker Martin ekani aniqlandi. U golf maydonlarini chizishni yaxshi ko‘rar va amaldagi AQSh prezidenti tarafdori bo‘lgan oiladan edi.

Foto: Jose More/VWPics/IMAGO

22 fevral, yakshanbaga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Trampning Florida shtatidan joy olgan Mar-a-Lago qarorgohi atrofidagi qo‘riqlanadigan hududga kirib borgan va Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib tashlangan qurollangan erkak 21 yoshli rassom Ostin Taker Martin bo‘lib chiqqan. U Shimoliy Karolina shtatidagi Kemeron shahridan bo‘lgan. Amerika OAV uning shaxsini Shimoliy Karolinadagi Mur okrugi sherifi bayonoti va marhumning oila a’zolari e’lon qilgan ma’lumotlariga tayanib aniqlagan.

Huquq-tartibot idoralari tarqatgan press-relizda aytilishicha, yakshanba kechasi Martinning qarindoshlaridan biri sherifga murojaat qilib, uning shanbadan beri bedarak yo‘qolganini bildirgan. Shundan so‘ng u bedarak yo‘qolganlar bazasiga kiritilgan. Biroz vaqt o‘tib, federal hokimiyat sherif idorasini “Floridada Martinga doir faol tergov olib borilayotgani” haqida xabardor qilgan.

“Ularning iltimosiga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan shaxs bo‘yicha ishga oid ma’lumotlar federal tergovchilarga topshirildi. Mur okrugi sherifi idorasida Martinga doir hech qanday ish uning bedarak yo‘qolgani haqidagi xabargacha bo‘lmagan. Otishma yoki unga bog‘liq tergov harakatlari bo‘yicha har qanday savollar Mayamidagi FTB idorasiga va AQSh Maxfiy xizmatiga yo‘naltirilishi kerak”, — deyiladi sherif idorasi izohida.

ABC News’ga Martinning amakivachchasi Breyden Filds aytishicha, Martin “juda tinch” bo‘lgan va qurol bilan muomala qilishda tajribasiz edi. Shu bilan birga, u golf-klublarda rasm chizishni yaxshi ko‘rgan va shunday klublardan birida ishlagan. Fildsning so‘zlariga ko‘ra, Martin ijtimoiy tarmoqlarda golf maydonlarining suratlari va chizgan rasmlarini muntazam joylab borgan, 2025 yilda esa golf maydonlarini buyurtma asosida tasvirlashga ixtisoslashgan kompaniya ochgan.

Filds, shuningdek, qarindoshi qurolga qiziqmasligini aytgan: “Biz uni o‘q otishga olib borganmiz, lekin u hatto qurolga tegmagan. U ishlatgan yagona narsa — pnevmatik miltiq (havo bosimi bilan o‘q otadigan qurol) edi”, — degan u.

Filds yana Martinning oila a’zolari “Trampning katta tarafdorlari” ekanini ma’lum qilgan. Biroq uning aytishicha, otib o‘ldirilgan yigit “siyosat haqida deyarli gapirmasdi, unga aralashishni ham istamasdi”. The New York Times qayd etishicha, saylovchilar ro‘yxatida Martin mustaqil saylovchi sifatida (ya’ni, hech qaysi partiyaga bog‘lanmagan holda) ro‘yxatdan o‘tgan.

Qurollangan erkak Mar-a-Lago hududiga mahalliy vaqt bilan taxminan soat 1:30 lar atrofida kirishga uringan. Qayd etilishicha, u boshqa bir avtomashina qarorgohdan chiqib ketayotgan paytda darvozalar ochiq turganidan foydalanib, hududga kirib olgan. Martinning oila a’zolari aytishicha, u kumushrang Volkswagen mashinasida ketganidan keyin bedarak yo‘qolgan. Florida shtatidagi Palm-Bich okrugi sherifiga ko‘ra, xuddi shunday avtomashina voqea joyidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda topilgan.

Sherif, shuningdek, qarorgohga kirgan shaxsga “o‘zi bilan olib kelgan ikki ashyoni tashlab yuborish” buyrug‘i berilganini aytgan. “Shu payt u benzin solingan kanistrani tushirdi va miltiqni o‘q otish holatiga ko‘tardi”, — degan sherif. Shundan keyin ikki agent va sherif o‘rinbosari “xavfni bartaraf etish uchun qurolidan o‘q uzgan”.

Sherif idorasi, shuningdek, Martin o‘zi bilan olib kelgani aytilgan miltiq va benzin kanistrasi tushirilgan suratni ham e’lon qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid