Jahon | 21:18 / 01.12.2016
7357
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiyadagi samolyot halokati qurbonlarining shaxslarini aniqlash jarayoni yakunlandi

© AP Photo

Kolumbiyada Braziliyaning "Shapekoense" jamoasi futbolchilari bo‘lgan samolyot halokatida qurbon bo‘lgan barcha 71 kishining shaxsi aniqlandi. Reyter agentligi qurbonlarning shaxsi aniqlanishi jarayoni yakunlangani haqida ma'lumot berdi.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, jasadlar solingan tobutlar juma kuni Braziliyaning Shapeko shahriga yetkaziladi. Marhumlarning jasadlari harbiy samolyot orqali yetkaziladi.

Futbol klubining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Andrey Kopettining so‘zlariga ko‘ra, tobutlar klub stadioniga olib boriladi. Bu yerda marhumlar bilan vidolashuv marosimi o‘tkaziladi. Marosimda Braziliya prezidenti Mishel Temer ishtirok etishi kutilmoqda.

Samolyot 29 noyabr kuniga o‘tar kechasi Kolumbiyaning Medelin shahriga 50 km masofa qolganida qulab tushdi. Havo kemasi bortida 77 kishi bor edi — ekipajning 9 nafar a'zosi va 68 yo‘lovchi (Braziliya futbol jamoasi futbolchilari va xodimlari hamda jurnalistlar).

"Shapekoense" Sudamerikano kubogining birinchi final bahsini o‘tkazish uchun Kolumbiyaning "Atletiko Nasonal" maydoniga ketayotgandi. 

Halokatdan 6 kishi omon qoldi, ularning 3 nafari futbolchilardir: Alan Rushel, Jyekson Folman va Xelio Samper Neto. 

Internetda samolyot uchuvchisi bilan aviadispetcher o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatning so‘nggi daqiqalari yozilgan audio paydo bo‘ldi.

Unga ko‘ra, samolyot uchuvchisi dispetcherga bir necha marta murojaat qilib, elektr uskunalar to‘liq ishdan chiqqani va yoqilg‘i tugab borayotganini aytib, qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan.

Oxir oqibatda samolyot Medelin shahri yaqinida, aeroportdan 50 km uzoqlikda yerga qulagan. Yoqilg‘i tugagani sababli samolyot portlab ketmagan va bu bir necha nafar yo‘lovchining tirik qolishiga sabab bo‘lgan.

Samolyot uchuvchisi so‘nggi bor 9 ming fut (2700 metr) balandlikda aloqaga chiqqan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid