Jamiyat | 11:32 / 02.12.2016
9899
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida foydalanilmasdan bo‘sh turgan obektlar xususiy tadbirkorlar tomonidan ishga tushirilmoqda

Xususiylashtirish – xususiy biznes poydevori

O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri iqtisodiyotda davlatning ishtirokini strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirish, o‘z navbatida xususiy sektor o‘rnini mustahkamlash va ulushini kengaytirishdan iboratdir.

Xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushi va aktivlarini xususiy investorlarga, birinchi navbatda, xorijiy sarmoyadorlarga sotish orqali ishlab chiqarishni modernizatsiyalash hamda texnologik yangilashni ta'minlash, ichki va tashqi bozorlarga raqobatdosh mahsulotlarni chiqarish muhim masalalar sirasiga kiradi.

Ayni shu boradagi keng ko‘lamli vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aniq belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, Samarqand viloyatidagi 21ta davlat ko‘chmas mulk obektini tanlov savdolari orqali “nol” xarid qiymati bo‘yicha sotish belgilangan bo‘lib, 2015 yilning iyul oyida o‘tkazilgan tanlov savdosida ushbu obektlar to‘liq xususiy mulk egaligiga 2016-2017 yillarda jami 17,0 mlrd. so‘mdan ortiq investitsiya kiritish orqali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini yo‘lga qo‘yish va kamida 950ta yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan sotildi.

Bugungi kunda, loyiha tashabbuskorlari tomonidan ushbu obektlarga 8,23 mlrd. so‘m miqdorda investitsiyalar kiritilib, 161ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan, ya'ni bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorlik natijasi ko‘rinmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri, “A.Navoiy” ko‘chasi 68-uy manzilida joylashgan Kattaqo‘rg‘on tibbiyot kollejiga qarashli “O‘quv davolash majmuasi”ning foydalanilmasdan bo‘sh turgan binosi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdosi g‘olibi, ya'ni “XURSHEDA NASIMOVA” diagnostika davolash markazi tomonidan obektga bir yarim yil muddat ichida 1 mlrd. 650 mln. so‘mdan ortiq investitsiyalar kiritilib, zamonaviy talablarga javob beradigan tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan tibbiy diagnostika va davolash markazini tashkil etish orqali 23ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ta'kidlab o‘tish lozimki, 2015 yil 3 iyul kuni o‘tkazilgan tanlov savdosida Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri, “A.Navoiy” ko‘chasi 68-uy manzilida joylashgan Kattaqo‘rg‘on tibbiyot kollejiga qarashli “O‘quv davolash majmuasi”ning foydalanilmasdan bo‘sh turgan binosiga beshta talabgor tomonidan tanlov takliflari taqdim qilingan va qizg‘in ruhda bo‘lib o‘tgan tanlov savdosida “XURSHEDA NASIMOVA” diagnostika davolash markazi savdo g‘olibi deb e'tirof etilgan.

Mazkur obektning kuni kecha ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan ochilish marosimida so‘z olgan Davlat raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Mo‘minov hamda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi B.Sa'dullayev tomonidan viloyat tanlov komissiyasining “XURSHEDA NASIMOVA” DDMni tanlov g‘olibi deb e'tirof etish to‘g‘risidagi qarori o‘z natijasini ko‘rsatganligi va bu kabi obektlarning ishga tushirilishi xududni rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shishi to‘g‘risida gapirib o‘tildi.

Xuddi shu kabi, viloyatning Pastdarg‘om, Ishtixon va Nurobod tumanlarida joylashgan obektlar xususiy tadbirkorlar tomonidan to‘liq ishga tushirilib, bir vaqtlar foydalanilmasdan bo‘sh turgan obektlar negizida xizmat ko‘rsatish va mahsulot ishlab chiqarish faoliyatlari yo‘lga qo‘yildi.

Bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini investitsiya majburiyatlari evaziga “nol” qiymatda tadbirkorlik sub'yektlariga berish jarayonlarini davom ettirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 5 avgustdagi 252-sonli qaroriga asosan Samarqand viloyatida joylashgan 22ta davlat mulki obektlari “nol” xarid qiymatida xususiylashtirilishi begilandi.

Ushbu obektlar 6,03 mlrd. so‘m miqdorida investitsiya kiritish va 117ta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish sharti bilan, joriy yilning 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan tanlov savdolariga chiqarilgan.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tadbirkorlik sub'yektlarini bino va tegishli yer maydonlari bilan ta'minlash maqsadida, xatlov natijasida aniqlangan 150ta bo‘sh turgan davlat obektlari bo‘yicha yangi xususiylashtirish dasturining loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Bu ham o‘z navbatida, kelgusida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va farovonligini oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.

Gafurov Aziz Maxmudjonovich,
Davlat raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi sho‘'ba mudiri

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid