Jahon | 10:49 / 02.12.2016
9101
5 daqiqa o‘qiladi

Shanxay universitetida O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar haqida maqola e'lon qilindi

Foto: Kun.uz

Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti veb-saytida O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga nomzodlar saylovoldi dasturlarining muhim jihatlariga bag‘ishlangan maqola e'lon qilindi.

Unda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamurodov “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasini ilgari surayotgani, bosh maqsad sifatida esa milliy manfaatlar va qadriyatlarni himoyalash masalasini belgilagani qayd etiladi.

“Nomzod o‘zbek tilini boyitish va yanada takomillashtirish, uning davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash, til madaniyatini yanada oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur, deb hisoblaydi.

Iqtisodiyot sohasida S.Otamurodov “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni qabul qilish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlashni ilgari suradi”, deyiladi maqolada.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning bosh maqsadi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va davom ettirish, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalq uchun munosib turmush sharoitini yaratish etib belgilangan.

“Sh.Mirziyoyev davlat boshqaruvi tizimi va uning apparati samarali faoliyatini ta'minlash masalasini ilgari suradi va vakolatlarni markazdan joylarga berish tarafdoridir. Shu munosabat bilan u barcha bo‘g‘inlardagi hokimiyatlarning vazifa va vakolatlar tizimini takomillashtirish lozim, deb hisoblaydi.

Iqtisodiyot sohasidagi asosiy vazifa 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyot tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazishdir. Uning fikriga ko‘ra, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Butun dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan bugungi sharoitda Sh.Mirziyoyev mamlakatning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash kerak deb hisoblaydi va bu xavfsizlik va barqarorlikni hamda xalqning osoyishta hayotini ta'minlashning eng muhim sharti va kafolati deb biladi”, deb yozadi Xitoy nashri.

O‘zbekiston Xalq  demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Hatamjon Ketmonovning saylovoldi dasturida aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan qatlami manfaatlarini himoyalash asosiy maqsad sifatida ilgari suriladi.

“Nomzod aholi bandligini ta'minlashning mutlaqo yangi usullarini joriy qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mustaqil o‘zini o‘zi ish bilan ta'minlash maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratish amaliyotini kengaytirish, ularning yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun sharoitlar yaratish g‘oyalarini ilgari suradi.

X.Ketmonov pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to‘liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta'minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini shakllantirish bilan bog‘liq masalalarni qamrab oluvchi kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish lozim, deb hisoblaydi”, deyiladi maqolada.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat yaratish, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishni asosiy vazifalar sifatida beglilaydi.

“U asosiy ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni faqat qonunchilik yo‘li bilan muvofiqlashtirishga, shuningdek, qonunosti hujjatlarining soni va doirasini qisqartirishga chaqiradi. N.Umarov bozorni boshqarish, tartibga solib turish zarur deb biladi hamda “raqobat - mumkin qadar, davlat boshqaruvi - zarurat qadar” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish tarafdoridir. Nomzod mamlakatda zamonaviy innovatsion va yuqori texnologiyalarni jadal rivojlantirish va keng joriy qilish maqsadida maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilishni taklif etadi.

Dasturda ekologiya masalariga keng o‘rin ajratilgan. Xususan, nomzodning fikriga ko‘ra, muqobil energiya manbalaridan keng va samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozorini rag‘batlantirish, quyosh batareyasi va boshqa qayta tiklanuvchi energiya olishga ixtisoslashgan innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishni kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni samarali rag‘batlantirish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish zarur”, deya ta'kidlanadi maqolada.

“Jahon” AA, Shanxay

Mavzuga oid