O‘zbekiston | 18:46 / 03.12.2016
5637
3 daqiqa o‘qiladi

Rafael Nektalov: “Saylovda ko‘rsatilgan nomzodlar Islom Karimov yaratib ketgan yo‘lni davom ettirishiga ishonaman”

Foto: Qalampir.uz

“The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov erishilgan yutuqlarda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov mehnati yotganini alohida e'tirof etdi.

30 noyabrdan rasman o‘z faoliyatini boshlagan “PRESS-CLUB: ELECTIONS.UZ-2016” matbuot klubida xalqaro OAV vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, kuzatuvchi sifatida saylov jarayonlarini baholashda ham o‘z hissasini qo‘shadi.
 
Jumladan, “The Bukharian Times” haftalik gazetasi jamoasi ham Prezident saylovini yoritish ishlarida faol ishtirok etmoqda.
 
“Agar O‘zbekistondagi saylov jarayoni haqida gapiradigan bo‘lsam, bir narsani aytishim mumkin: O‘zbekistonda bugungi kunda ko‘ppartiyali tizim hayotda yaqqol o‘z ifodasini topyapti va juda jiddiy e'tibor qaratilmoqda”, deydi “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov.
 
Bosh muharrir “O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar o‘z saylovoldi dasturida juda muhim masalalarga e'tibor qaratgan va har biri g‘oliblik uchun ochiq, oshkora va adolatli kurash olib bormoqda. Bunga kuzatuvlarim jarayonida guvoh bo‘ldim. Saylovga nomzodlarning bunday yondashuvi esa ishonchni oshiradi”, degan holda O‘zbekistondagi saylov o‘tkazish tajribasini yuqori baholadi.
 
“The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov O‘zbekiston haqida quyidagicha fikrlarini bildirdi:
 
“O‘zbekiston o‘zining tinchlik va osoyishtaligi bilan faxrlansa bo‘ladi. Bugungi kunda dunyodagi tahlikali vaziyatdan qancha bolalar, qanchadan qancha keksalar aziyat chekayotgan bir paytda yurtingizdagi tinchlik alohida e'tirof etiladigan jihat hisoblanadi, deb o‘ylayman.
 
O‘zbekiston bo‘ylab safarlarim chog‘ida guvoh bo‘lyapmanki, yurtingizda qancha ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan. Albatta bunday yutuqlar zamirida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning (joylari jannatda bo‘lsin) mehnati yotganini alohida e'tirof etish zarur.  Birinchi Prezident yaratib ketgan mana shunday yo‘lni o‘ylaymanki, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi sayloviga qo‘yilgan nomzodlarning har biri katta potensial bilan davom ettiradi”.

Muxtorbek Abdullayev

Mavzuga oid