O‘zbekiston | 19:31 / 03.12.2016
4582
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika matbuot markazida OAV vakillari uchun Prezident sayloviga bag‘ishlangan brifinglar o‘tkazildi

2016 yilning 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida Xitoy Xalq Respublikasi kuzatuvchilari delegatsiyasi rahbari, Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirligi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Gao Yuyshen ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdi.

Brifingda ta'kidlanganidek, Birinchi Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda demokratik talablar va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishini kafolatlaydigan milliy saylov tizimining barpo etilgani fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqini to‘laligicha ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Gao Yuyshen O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi.

Bu borada aholini mazkur muhim siyosiy jarayonga faol jalb etish, saylovchilarning xabardorligini yanada oshirish, ommaviy axborot vositalarida saylov kampaniyasining barcha bosqichlarini har tomonlama batafsil yoritish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar fuqarolarning saylovda faol ishtirok etishiga zamin yaratadi. Qolaversa, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a'zolarining yuqori malakaga ega ekani saylovni muvaffaqiyatli o‘tkazilishini kafolatlaydi.

– Dastlabki kuzatuvlardan shunga amin bo‘ldimki, joriy saylov muddatidan oldin o‘tkazilayotganiga qaramasdan o‘tgan qisqa davrda uni milliy qonunchilik hamda umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlarga muvofiq tarzda o‘tkazish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgan, – deydi Gao Yuyshen. – Bu O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini barpo etish bo‘yicha katta tajriba to‘planganidan dalolat beradi.

Shu kunning o‘zida Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi deputati Chon Chjon Sopning va Latviya Seymi rayosati kotibi o‘rinbosari Gunar Kutrislarning ham brifinglari o‘tkazildi.
Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi deputati Chon Chjon Sop O‘zbekistonda barcha saylovchilar uchun teng imkoniyatlar yaratilganiga alohida e'tibor qaratdi.
Koreyalik kuzatuvchi, xususan, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida aholining turli qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, ayniqsa, birinchi marta ovoz berayotganlar va jismoniy imkoniyati cheklangan saylovchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi. Bunda, saylov uchastkalarining panduslar bilan jihozlangani, Brayl alifbosidagi saylov byulletenlarining chop etilgani qayd etildi.
– Saylov uchastkalarida tashkil etilgan onalar va bolalar xonasi, tibbiyot xonasi menda katta taassurot qoldirdi, – dedi Chon Chjon Sop. – Xalqaro saylov amaliyotida kamdan-kam uchraydigan bunday qulayliklar bo‘lajak saylovni yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Latviya Seymi rayosati kotibi o‘rinbosari Gunar Kutris Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida aholining huquqiy bilimini yanada oshirishga qaratilgan tadbirlarga e'tibor qaratdi. Bunda, ayniqsa, oilaviy ovoz berishning oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Uning fikricha, har bir saylovchi faqat bir ovozga ega ekanini nazarda tutuvchi teng saylash huquqini ta'minlash demokratik saylovlarning asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini
yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazi

Mavzuga oid