Saylov natijalari arafasida: O‘zbekistondagi saylovlar tarixi
O‘zbekistonda va dunyoda 4 dekabr kungi prezident saylovi natijalarini kutishmoqda. 2016 yilgi saylov mustaqil O‘zbekiston tarixidagi beshinchi prezidentlik saylovi bo‘ldi. Natijalar e'lon qilinishiga bir necha soat vaqt qolganida Kun.o‘z nashri o‘quvchilariga avvalgi saylovlarga oid statistik ma'lumotlarni keltirib o‘tadi.
1991 yilgi prezident saylovi
O‘zbekistonda ilk prezidentlik saylovi 1991 yilning 29 dekabr kunida o‘tkazilgan.
Birinchi saylovda ikki nomzod ishtirok etgan: O‘zbekiston xalq-demokratik partiyasidan Islom Abdug‘aniyevich Karimov va Erk demokratik partiyasidan Muhammad Solih. Saylovda saylovchilarning 94,2 foizi (9,9 mln) ishtirok etgan. Unda katta ustunlikka ega bo‘lgan Islom Karimov 87,1 foiz ovoz bilan (8 514 136) g‘alaba qilgan hamda O‘zbekistonning birinchi prezidentiga aylangan. 1 220 474 kishi uning raqibiga ovoz bergandi - 12,5 foiz. O‘sha saylovda "Barchaga qarshi" ovoz berish ham mumkin bo‘lgan va bu tanlov 36 525 kishi tomonidan amalga oshirilgan. 129 823 byulleten esa haqiqiy deb topilmagan.
2000 yilgi prezident saylovi
1995 yilning 26 martida referendum bo‘lib o‘tadi va unda prezident vakolatini uzaytirish masalasi o‘rtaga tashlanadi. Ushbu tashabbusni referendumda ishtirok etganlarning 99,6 foizi qo‘llab-quvvatlab, prezident vakolati 2000 yilgacha uzaytiriladi. Referendumda faqat 0,4 foiz saylovchi "yo‘q" javobini bildirgan. Davomat 99,3 foiz.
2000 yilning 9 yanvarida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Islom Karimov "Fidokorlar" partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yadi. Unga O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi vakili Abdulhafiz Jalolov raqib bo‘ladi.
Saylovda davomat 95,1 foizni tashkil qilgan (Bu saylovlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatki). Unda 95,7 foiz saylovchi (11 147 621 kishi) Islom Karimovga ovoz bergan (O‘zbekistondagi saylovlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich), 4,3 foiz saylovchi (505 161 kishi) Abdulhafiz Jalolov nomzodini yoqlagan. 470 417 byulleten haqiqiy emas deb topilgan.
2007 yilgi prezident saylovi
2002 yil yanvarida referendum bilan Prezident vakolat muddatiga 7 yilga uzaytiriladi va bu norma Prezidentning amaldagi vakolat muddatiga tatbiq qilinadi. Shunday qilib, keyingi saylov 2007 yilda o‘tkaziladi.
Bu safargi saylovda amaldagi prezident Islom Karimov yangi tuzilgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod bo‘ladi. Unga O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi vakili Asliddin Rustamov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakili Dilorom Toshmuhammedova hamda mustaqil nomzod Akmal Saidov raqiblik qilgan.
Saylovda saylovchilar faolligi 90,6 foizni tashkil qildi (14,765,444). Natijalarga ko‘ra, Islom Karimov 13 milliondan ortiq saylovchining ovoziga ega bo‘lib, 90,76 foiz to‘plagan va navbatdagi muddatga saylangan. Uning raqiblari Asliddin Rustamov, Dilorom Toshmuhammedova va Akmal Saidov mos ravishda 3,27 foiz, 3,03 foiz va 2,94 foizdan ovoz olishgan.
2015 yilgi prezident saylovi
Prezident vakolatining ikkinchi muddati 2014 yil dekabr oyida tugashi kerak edi. Ammo parlament saylovi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolishi munosabati bilan saylov parlament saylovi yakunlari chiqarilganidan so‘ng 3 oy ichida, ya'ni 2015 yil 29 mart kuni o‘tkazilgan.
Bu safargi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 nafar saylovchidan 18 million 942 ming 349 nafari ovoz berishda ishtirok etganini aniqladi. Bu saylovdagi davomat 91,08 foizni tashkil qilganini ko‘rsatadi.
Saylovchilarning 17 million 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Abdug‘aniyevich Karimovni yoqlab ovoz berdi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga 582 ming 688 nafar yoki 3,08 foiz saylovchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafar yoki 2,92 foiz saylovchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga 389 ming 24 nafar yoki 2,05 foiz saylovchi ovoz berdi.
2016 yilgi prezident saylovi
2016 yilning sentabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etdi va maxsus majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga asosan shu yilning 4 dekabrida muddatidan oldin Prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi belgilandi.
Markaziy Saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 17,94 million saylovchi ishtirok etdi va davomat 87,83 foizni tashkil qildi. Bu O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlari tarixidagi nisbatan eng past ko‘rsatkichdir. Yuqorida aytilganidek, 2007 yilgi saylovda davomat 90,06 foizni, 2015 yilgi saylovda esa 91,01 foizni tashkil qilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuotda e'lon qilinishi belgilangan. Lekin odatda saylov natijalari saylov o‘tgandan so‘ng 1 sutka ichida e'lon qilinadi.
Bu yilgi saylovning dastlabki natijalari 5 dekabr kuni soat 16:00da e'lon qilinishi kutilmoqda.
Saylov natijalari rasman e'lon qilingach, 2 oy ichida yangi prezident inauguratsiyasi tashkil etiladi. Davlat rahbari har biri 5 yil muddatdan ikki marotabadan ortiq saylana olmaydi.
Bu vaqtga kelib, Liberal-demokratlar partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev shtabidagilar kamida 80 foizlik ustunlik bilan g‘alaba qozonilgani aytilmoqda. Shtab saylovdagi g‘alaba sharafiga bayram torti hozirlab qo‘ygan.
Mavzuga oid
13:58 / 31.10.2024
O‘zbekistonda ko‘proq qaysi davlat fuqarolari tahsil olayotgani ma’lum qilindi
10:50 / 31.10.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top 10 davlatlar ma’lum qilindi
08:10 / 29.10.2024
O‘zbekistonda o‘rtacha necha yoshda nikoh qurilayotgani aytildi
11:19 / 25.10.2024