Fan-texnika | 12:18 / 09.12.2016
5228
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Vetnam atom sohasida hamkorlik qilishni rejalashtirishmoqda

Hindiston va Vetnam yaqin kunlarda atom sohasida hamkorlik qilish haqida hukumatlararo kelishuvni imzolashlari mumkin. Bu haqida Economic Times nashri xabar berdi. 

Mazkur kelishuv Vetnam Milliy assambleyasi raisi Nguyen Txi Kim Nganning Hindistonga tashrifi davomida imzolanishi kutilmoqda. Ta'kidlash joizki, u kuni kecha bu mamlakatga tashrif buyurdi va yakshanba kunga qadar shu yerda bo‘ladi.

Kelishuv Hindistonning vetnamlik olimlarga yadroviy obektlarda xavfsizlik choralarini yaxshilash uchun malaka oshirishga yordam berishini ko‘zda tutadi. Hindiston va Vetnam 1986 yildan beri tinchlik atomi sohasida hamkorlik qilib keladi. 

Hindiston bosh vaziri Narendra Modining sentabr oyida Vetnamga amalga oshirgan  tashrifi chog‘ida tomonlar atom bo‘yicha  muzokaralarini tezlashtirishga kelishib olishgan. 

Hindiston Vetnam bilan atom sohasida hamkorlik qilishga doir kelishuv tuzgan uchinchi mamlakat bo‘ladi. Bundan avval shunga doir kelishuvlar RF va Yaponiya bilan imzolangan. 

Shunga qaramay, noyabr oyida Vetnam Milliy assambleyasi mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishdan voz kechish uchun ovoz berdi. Keyinchalik esa mamlakat hukumati bu Xanoyning Moskva va Tokio bilan hamkorligiga ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidladi. 

 

Mavzuga oid