Jamiyat | 23:47 / 10.12.2016
12891
3 daqiqa o‘qiladi

Stokgolmda Nobel mukofoti o‘z egalariga topshirildi

Bugun, 10 dekabr kuni Stokgolm shaharida tibbiyot yoki fiziologiya, fizika, kimyo, shuningdek, iqtisod sohasidagi kashfiyotlar uchun 2016 yilgi Nobel mukofotlari o‘z egalariga topshirildi. Bu haqda Nobel fondining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav qo‘lidan diplom va medallarni yaponiyalik professor Yosinori Osumi, (fiziologiya va tibbiyot); 3 fizik — Devid Tauless, Dankan Holdeyn va Maykl Kosterlits; ximiya bo‘yicha laureatlar — Jan-Per Savaj, Freyzer Stoddart va Bernard Fering, shuningdek iqtisodiyot yo‘nalishida Oliver Xart va Bengt Xolmstryomga (Shvetsiyaning Davlat banki tomonidan ta'sis qilingan mukofot) topshirildi.

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti egasi Bob Dilan Stokgolmga kela olmadi. Amerikalik rok ijrochisi Bob Dilan mukofotni topshirish marosimi uchun nutq tayyorladi va uni mukofot tashkilotchilariga taqdim etdi. Ushbu nutqda Dilan bunday mukofotga loyiq ko‘rilgani uchun minnatdorlik so‘zlarini izhor qilgan. Bob Dilan «Amerika qo‘shiqchilik an'anasi doirasida yangi poetik iboralarni yaratgani uchun» mukofotga loyiq deb topilgan edi. 

Uning o‘rniga amerikalik boshqa bir rok-ijrochisi Patti Smit marosimda hozir bo‘ldi. U Dilanning A Hard Rain's A-Gonna Fall qo‘shig‘ini ijro etib berdi.

Bundan oldinroq Norvegiya poytaxti Oslo shahrida Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santosga tinchlik yo‘nalishidagi Nobel topshirilgandi.

2016 yilda mukofotning pul qiymati 8 million shved kronasiga (932 ming dollar) teng bo‘ldi.

Stokgolmdagi Katta Kontsert zalida tashkil qilingan marosimga 1500 mehmon — laureatlarning oila a'zolari, shvetsiyalik siyosatchilar, madaniyat vakillari, olimlar va talabalar kelgan. Marosim SVT telekanali tomonidan efirga uzatilgan.

Marosimning bir qismi Stokgolm ratushasidagi Havorang zalda davom ettiriladi. Bu yerda ziyofat tashkil qilingan. Ziyofatdan keyin an'anaviy ball tashkil qilinadi.

Mavzuga oid