Jahon | 10:04 / 11.12.2016
6016
2 daqiqa o‘qiladi

«Beshiktosh»ning 2 xodimi Istanbuldagi portlashlar tufayli halok bo‘ldi

Foto: Reuters

Turkiyaning «Beshiktosh» jamoasining 2 nafar xodimi 10 dekabr oqshomida «Vodafon Arena» stadionida Turkiya chempionatidagi bahsdan bir necha soat o‘tib amalga oshirilgan teraktlar qurboniga aylandi.

Jamoa rasmiy saytida xabar qilinishicha, klub do‘koni xodimi Udju Tuncha va stadion xavfsizlik xizmati xodimi Vefa Karakurdu portlashlar qurboniga aylangan.

Portlashlar Istanbulda mahalliy vaqt bilan 10 dekabr, shanba kuni taxminan 22:30 da (Toshkent vaqti bilan 11 dekabr 00:30 da) «Vodafon Arena» stadionining shimoli-g‘arbiy devori yonidan o‘tgan yo‘lda hamda arena yaqinidagi bog‘da yuz berdi. Yo‘lda politsiya maxsus topshiriqli bo‘linmalari o‘tirgan avtobus yaqinida portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina portlatib yuborilgan. Bir necha soniyadan so‘ng xudkush terrorchi tomonidan stadion ro‘parasidagi xiyobonda hujum amalga oshirilgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 29 kishini tashkil qildi, ularning 27 nafari huquq-tartibot organlari xodimlaridir. Yana 166 kishi jarohatlangan, ularning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda.

Turkiya ichki ishlar vaziri teraktni tashkil qilishga aloqadorlikda gumonlanib, 10 kishi hibsga olinganini ma'lum qildi.

Bundan oldinroq, jamoa saytida portlashgacha hududni muxlislar tark etib bo‘lgani haqida xabar qilingandi. Terrorchilarning nishoni politsiyachilar bo‘lgani aytilgan.

Mavzuga oid