Jahon | 15:46 / 16.12.2016
6213
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik neft kompaniyalaridan birining yuqori lavozimli xodimi 14 yilga qamaldi

Foto: AP

Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi CNPC’ning Xunan shahridagi filiali sobiq bosh direktori Syuy Tsaygo 21,4 million yuan (3,01 mln dollar) miqdorida pora olgani uchun 14 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

Sinxua agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, Xunan shahar sudi juma kuni shunday qaror chiqargan. Unga ko‘ra, Syuy Tsaygo besh million yuan miqdorida jarima ham to‘laydi.

Sud qaroriga ko‘ra, CNPC filiali sobiq bosh direktori 2005-2013 yillarda o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilgan. U Xitoy Kommunistik partiyasi tarkibidan 2015 yilning oktabrida chetlatildi.

Eslatib o‘tamiz, Si Tszinpin XKP MQ bosh kotibi (2012 yilning noyabri) va XXR raisi (2013 yilning marti) lavozimlariga kelganidan so‘ng mamlakatda korrupsiya bilan keng qamrovli kurash kampaniyasi boshlandi. O‘shandan beri minglab amaldorlar partiya intizomini buzganlik va korrupsiyada ayblanib jazoga tortildi. 

Ma'lumot uchun, CNPC dunyo neft-gaz sanoatidagi eng yirik yetkazib beruvchi va pudratchi sanaladi. Kompaniya bosh qarorgohi Pekinda joylashgan. U jahonning 29 davlatida neft-gaz investitsiya amaliyotlarini olib borib, dunyoning eng yirik 50 neft kompaniyalari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallaydi.

Mavzuga oid