“Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang. Chunki, isrofgarlar shaytonning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi” 
(Isro surasi, 26-27-oyatlar)

Hayotiy voqea

Tug‘ruqxonada har kuni bayram! Qimmatbaho mashinalarda odamlar go‘yoki kimo‘zarga o‘zlari uchun bebaho bo‘lmish chaqaloqlarini karnay-surnay sadolari ostida kelin-kuyovlardek yasantirib, odamlarni jalb qilib, o‘zlaricha xursand bo‘lib olib ketishmoqda. Bu yonda karnay-surnay ovozi, bu yonda homiladorlarning tug‘ruq oldi ovozi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar yig‘isining ovozi, bu yonda “Masha” va “Ayiqpolvon” hamda boshqa multfilm qahramonlari timsolida kiyinib olgan yigitchalarning yosh otalarga hazil aralash yo‘lto‘sarliklari... 

Sharlar, gullar, yasangan odamlar.., kimlar xursand gul ko‘tarib kelgan. Kimlar g‘aribgina xaltasi bilan kimnidir ko‘rgani kelgan. Kimdir derazadan bo‘layotgan dabdabaga o‘ksinibgina, xo‘rsinibgina ko‘zlarini javdiratib kuzatib turibdi.

Tug‘ruqxona go‘yoki tug‘ruqxona, chillaxona emas, isrofgarchiliklar maydoni, kimgadir tirikchilik maydoni, hayot maydoniday.

Aslida qadimda momolarimiz tug‘ayotgan ayolning dardini boshqalardan sir tutishgan. Ayol tug‘ib bo‘lgach, yana uni va go‘dakni qirq kun chilla saqlab boshqa birovlarning, begonalarning nazaridan ehtiyot qilib, yaqinlashtirishmagan. Ona va bolaning baxti, kelajagi, sog‘ligi uchun shunday qilishgan. 

Eh, dunyo, bevafo dunyo... Nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘riligini bola tug‘ilmasidan avvalroq bilganimizda qani edi. Hayot tashvishlari-yu, quvonchlariga to‘la bu sinovli zamonda har kimning o‘z nasibasi, taqdiri, baxti, fojiasi bor... Ammo bandasi noshukrligi tufayli, sabrsizligi tufayli nafsini shaytonning gapiga kirib qolganini, adashganini bilmay qolar ekan ....

Mana, Nodira ham ko‘zi yorib o‘g‘illik bo‘ldi. Ikki qizdan so‘ng o‘g‘il. Qanday baxt! Eri Sobirjon ham dunyoda eng baxtiyor ota! Nodira erini ertalabdan beri kutib o‘tiribdi. Birinchi qavat derazasidan erining kelayotganini ko‘rib, quvonib ketdi. U shirin xayollar og‘ushida bo‘lsa-da, ataylab erini ko‘rib erkalik qilib arazlab oldi. Chaqalog‘ining ovqat so‘rab yig‘laganini ham eshitmasdi, yo eshitsa ham parvo qilmay, eri kelishiga aytadigan gaplarini o‘ylab, rejalar tuzib chiqdi. Uning boshqalardan qayeri kam?! Mana endi uning ham eri oldida tili uzun. Endi u ham tug‘ruqxonadan “limuzin”da chiqadi. Do‘st-dushmanlari bir ko‘rib qo‘ysinlar, ichlari kuyib o‘lsinlar, derdi o‘zicha ichida.

Shu lahzalarda Sobirjon ham o‘g‘illik bo‘lganidan xursand bo‘lsada, bu yog‘iga to‘rt jonni, onasi, o‘zi bilan olti jonni qanday boqishning g‘amini yeb, tashvishlarini o‘ylab-o‘ylab, tug‘ruqxonaga yetib kelganini bilmay qoldi. Ayolini, o‘g‘lini o‘ylab ko‘ngli picha yorishdi. O‘zinga shukr Allohim, tirik yaratganni quruq yaratmagansan. Rizqimizni halolidan o‘zing yetkaz, tinchlik xotirjamlik bilan ber, degan o‘ylar bilan tug‘ruqxonaga kirib keldi. Eshik oldida turgan ayolga, xotiniga olib kelgan narsalarini berib yuborib, Nodirani chaqirdi.