19:36 / 17.12.2016
7088

Business Insider: Amazon yuk tashishning yangi usulini joriy qilmoqchi

Foto: Flickr

AQShning Amazon kompaniyasi Uber servisiga o‘xshash xizmatni tashkil etishga qaror qildi. Uning yordamida haydovchilar va yetkazib beruvchilar yuk tashish ishlarini yo‘lga qo‘yish uchun birlashadi. Bu haqda, Business Insider nashri kompaniya rejalaridan xabardor manbasiga tayangan holda xabar qilmoqda. 

Ilova yuk mashinasining harakatlanish yo‘nalishini joriy vaqt bo‘yicha ko‘rsatadi va mahsulotni yetkazib berish qiymatini ma'lum qiladi. Bundan tashqari, servis yetkazib berish xizmati uchun to‘lovning bir necha usulini taklif etadi, deb aniqlik kiritgan manba. 

Ilovaning maqsadi — haydovchi va yukni jo‘natuvchi o‘rtasidagi vositachiga barham berishdir. Odatda ularning xizmati yuk tashishni tashkil etish qiymatining 15 foizidan iborat bo‘ladi, deb qayd etadi Business Insider.

Yuk tashish ishlarini yo‘lga qo‘ygan Convoy startapi bu bozorni 800 mlrd dollarga baholagan. Ushbu sohada faoliyat yurituvchi Trucker Path kompaniyasi esa, yangi texnologiyalarni bu sohaga joriy qilish murakkab, deb hisoblaydi. Chunki, ko‘plab transport kompaniyalari kichik korxonalar bo‘lib, ularning 90 foizining ixtiyorida oltidan ortiq yuk mashinasi mavjud emas. 

Biroq, Amazon haqida bunday deyish noo‘rin bo‘lishi mumkin. Bu kompaniya tez sur'atda o‘sayotgan tovar aylanmasiga va yetkazib berish tarmog‘iga ega. Shu sababli o‘z xizmatida haydovchilarni topish osonlashadi, deb yozadi nashr. 

Shu bilan birga, Amazon ushbu xabarlarni izohlashdan bosh tortgan. Business Insider esa, kompaniya ilovani 2017 yil yozida ishga tushirishini taxmin qilayapti. 

2016 yil oktabrida taksi xizmatiga ixtisoslashgan Uber kompaniyasi o‘zining Uber Freight yuk tashish xizmatini sinov tariqasida ishga tushirgan edi. Xizmat buyurtmachi va haydovchining bevosita hamkorligini ta'minlaydi.

Mavzuga oid
Top