Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiyaga bosimni kuchaytirish uchun yangi sanksiyalar paketini tayyorladi
AQSh Kongressida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar nazarda tutilgan qonun loyihasi taqdim etildi. Hujjat qabul qilinsa, Rossiya nefti va gazining eng yirik besh importchisiga 100 foizlik boj joriy etilishi mumkin. Tashabbus marhum senator Lindsi Grem xotirasiga bag‘ishlangan.
Axios nashrining xabar berishicha, qonun loyihasi demokratlar va respublikachilardan iborat ikki partiyali senatorlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Hujjatni tayyorlash jarayonida senator Lindsi Grem ham faol ishtirok etgan.
Loyihaga muvofiq, Rossiya nefti va gazining eng yirik besh importchisiga 100 foizlik import bojlari joriy etiladi. Nashr qayd etishicha, ushbu choralar eng avvalo Xitoy va Hindistonga ta’sir qilishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp mazkur tashabbus yuzasidan fikr bildirib, uni jiddiy ko‘rib chiqayotganini aytdi.
«Biz bu masalani ko‘rib chiqyapmiz. Bu Lindsi xotirasi uchun. U aynan shuni eng ko‘p istagan edi», — dedi Tramp.
Qonun loyihasining hammualliflaridan biri senator Richard Blumental Lindsi Grem vafotidan oldin Kiyevdan qo‘ng‘iroq qilib, Tramp tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini aytganini esladi. Uning ta’kidlashicha, hujjatning asosiy maqsadi Rossiyaning harbiy harakatlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash va Moskvani tinchlik muzokaralariga undashdan iborat.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil yozida Senat Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qabul qilish arafasida bo‘lgan. Biroq o‘sha vaqtda Donald Tramp Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha diplomatik harakatlarga to‘sqinlik qilmaslik maqsadida respublikachi senatorlarni ovoz berishni kechiktirishga chaqirgan edi.
Yangi tahrirdagi qonun loyihasi avvalgi variantga nisbatan yumshatilgan. Ilk taklifda Rossiya nefti va gazini xarid qiluvchi davlatlar uchun 500 foizlik boj ko‘zda tutilgan bo‘lsa, hozirgi hujjatda bu stavka 100 foiz etib belgilangan.
Shu bilan birga, qonun loyihasi prezidentga ayrim holatlarda istisno qo‘llash vakolatini beradi. Ammo bunday qarorlar Kongress tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘ladi.
Senator Jinn Sheyxinning ta’kidlashicha, hujjat qabul qilinsa, Rossiyaga qarshi yangi qattiq iqtisodiy cheklovlar joriy etiladi va uning harbiy harakatlarini moliyalashtirishda muhim o‘rin tutayotgan energiya eksport bozorlari sezilarli darajada qisqaradi.
Lindsi Grem 11 iyul kuni 71 yoshida kutilmagan kasallik oqibatida vafot etgan. U vafotidan bir kun avval Kiyevga tashrif buyurib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan hamda Rossiya va uning ittifoqchilariga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Donald Tramp marhum senatorni «chinakam amerikalik vatanparvar» deb atab, uni AQSh tarixidagi eng faol va nufuzli senatorlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Lindsi Grem Janubiy Karolina shtati vakili sifatida 1994 yilda Vakillar palatasiga, 2002 yilda esa AQSh Senatiga saylangan. U tashqi siyosat va mudofaa masalalarida qat’iy pozitsiyasi, Rossiyani tanqid qilishi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan siyosatchilardan biri edi.