Goodbe, Mr. Obama yoki AQSh prezidentining boy bergan imkoniyatlari
AQShning 44-prezidenti Barak Obama bir oydan so‘ng o‘z vakolatlarini Donald Trampga topshiradi hamda sakkiz yil davomida ishlagan o‘z lavozimini tark etadi. Uning Oq uydagi faoliyati ijobiy holatlarga ham, jiddiy omadsizliklarga ham olib keldi. Biroq, Obama bu bilan esda qolmaydi. U AQSh prezidenti lavozimini egallagan birinchi afroamerikalik sifatida tarixga kirishi muqarrar.
Shoshilinch baholash
Illinoys shtatilik 47 yoshli senatorning 2008 yildagi shov-shuvli g‘alabasi kutilmagan tarzda sodir bo‘ldi. Saylovchilar Obamaga ishonib, unga o‘z ovozlarini berishdi. Uning g‘alabasi asosan kichik Jorj Bushning omadsiz siyosati, shuningdek milliy iqtisodiyotga zarar keltirgan moliviy inqiroz sabab yuz berdi.
Shu bilan bir qatorda, amerikaliklar prezidentlik lavozimiga afroamerikalik siyosatchini tanlab irqiy mojarolarga barham berishga urinib ko‘rishdi.
AQShning "Nyu–York tayms" gazetasi esa Obamani saylash “so‘nggi irqiy to‘siqlar yengib o‘tilgani hamda millatda ma'naviy poklanish yuz bergani” haqida yozgan. Biroq, Obamaning ba'zi bir sohalardagi omadsiz siyosati bu umidlar ro‘yobga chiqmaganini ko‘rsatib berdi. "Taym" jurnali esa bu orada Trampni "Yil odami" deb e'lon qilib, uning fotosuratiga “Amerika Tarqoq Shtatlari” deya izoh qoldirgan.
Ikkita urush
Obama AQSh piyoda qo‘shinlarini Iroqdan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Afg‘onistonda bir necha ming askar va zobitlarni saqlab qolishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, AQSh harbiy havo kuchlari Iroq va Suriyada IShID jangarilariga qarshi amaliyot o‘tkazmoqda.
Oq uyning hozirgi rahbari o‘zidan keyingi prezidentga ikki urushni meros qilib qolmoqda. Amerika maxsus topshiriqli harbiylari tomonidan 2011 yilning mayida “birinchi raqamli xalqaro terrorchi” Osama bin Lodinning yo‘q qilishi “Al-Qoida”ga jiddiy zarba bo‘ldi, biroq Afg‘onistondagi ekstremistlar qarshiligini butkul sindira olmadi.
Mojarosiz omadsizliklar
Obama birinchi kunlardanoq mamlakat ichida inqirozga qarshi kurashuvchi menejyer vazifasini bajarishga kirishdi. O‘shanda amerika iqtisodiyoti va moliyaviy ahvoli uning so‘zlariga ko‘ra – “erkin qush sifatida pastga sho‘ng‘ib borayotgan edi”: sanoat ishlab chiqarish darajasi doimiy ravishda pasayib bordi, ishsizlik 6 foizdan oshib ketgan, fuqarolarning shaxsiy jamg‘armalari darajasi esa Buyuk depressiya vaqtidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etgandi. Bundan tashqari, Fannie Mae va Freddie Mac ipoteka korporatsiyalari, Lehman Brothers hamda Merrill Lynch investitsiya banklari, eng yirik sug‘urta kompaniyasi - American International Group kasodga uchradi.
Agarda Obama milliy iqtisodiyotni tezda oyoqqa turg‘iza olganida, buyuk amerikalik prezidentlar ro‘yxatiga qo‘shilgan bo‘lardi. Noyabrdagi saylovlarda Demokratik partiya nomzodi Hillari Klintonning mag‘lubiyati ham ko‘p jihatdan u bilan bog‘liq. Saylovchilar Klintonga ishonishmadi hamda o‘z ovozlarini Trampga berishdi.
Obamaning o‘zi esa eng katta yutuqlaridan biri – yirik siyosiy mojarolarning bo‘lmagani bilan bog‘liq ekanini aytdi.
Tuzatib bo‘lmas xayolparast
Obama har doim xayolparast bo‘lgan. Bu AQShning arab mamlakatlariga yurishida, Osiyo tomonga “burilish”da va Rossiya bilan munosabatlarda ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi.
Obamaning 2009 yilda Nobel tinchlik mukofotining olishi ham ko‘plab bahslarga sabab bo‘ldi. U Rossiya bilan ikki mamlakat yadro arsenallarini 80 foizga kamaytirish haqidagi bitimga erishdi. Bu ketayotgan amerika ma'muriyatining eng katta yutug‘i bo‘ldi. Shuningdek, uning Eron yadroviy dasturi va Kuba bilan munosabatlarning iliqlashuvi borasidagi qarorlari ham ijobiy tarzda qabul qilindi.
Biroq, omadsizliklar ro‘yxati baribir kengroq. Xususan, arab-isroil mojarosini hal etish bo‘yicha harakatlarning samara bermagani, Liviyadagi vaziyat va Iroqdagi holat.
Ijobiy munosabatlardan sanksiyalarga
Obama ma'muriyati rasmiy Moskva bilan munosabatlarda aniq bir to‘xtamga kela olmadi. Ular 2012 yildan yana sovuqlashib bordi. Vashington NATOni kengaytirish va Yevropada raketalarga qarshi mudofaa tizimi bo‘yicha masalalarni hal qilish uchun o‘zida kuch topa olmadi. Ularga Suriyadagi vaziyat, Gruziya atrofidagi bahslar va inson huquqlari bo‘yicha masalalar ham qo‘shildi.
Shuningdek, Rossiyadagi ichki siyosiy voqealarga aralashuv ham jiddiy tanqid bilan kutib olindi. Amerika rasmiy shaxslarining Davlat dumasiga saylovlar, Rossiya hukumatining muxolifatga nisbatan munosabati va RFda qabul qilingan bir qator shov-shuvli qonunlarni muhokama qilishlari ham salbiy qabul qilindi.
Vashington esa Moskvadan “Snouden ishi”, yadroviy o‘zaro dasturlardan voz kechish va Suriya yetakchisi Bashar Asadning qo‘llab-quvvatanishi sabab ranjidi. Munosabatlar Ukrainadagi voqealar va Qrimning Rossiyaga qo‘shilishidan so‘ng batamom yomonlashdi. Qo‘shma Shtatlar tomonidan rossiyalik bir qator jismoniy shaxslar, kompaniya va tashkilotlarga nisbatan kiritilgan sanksiyalar esa Moskvada dushman xatti-harakati deb baholandi.
Ayni damda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi chorak asr davomidagi eng yomon holatda bo‘lib turibdi. Bir qator mutaxassislar esa sovuq urush davriga qaytish haqida ham bong urishmoqda.
Nimalar meros bo‘lib qoladi?
Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, yangi sovuq urush hech kimga kerak emas va AQShning saylangan prezidenti Tramp o‘zaro munosabatlarni yaxshilashi mumkin. Ko‘pchilik Obama ma'muriyati rossiya yo‘nalishida o‘ziga kerakli bo‘lgan maqsadga erisha olmaganini aytmoqda.
"AQShning Rossiyaga bo‘lgan hozirgi munosabati omadsizlik keltirdi, – deya ta'kidlab o‘tdi Vashingtondagi Kennan instituti yetakchi xodimi Metyu Rojanskiy. – Moskva tashqi olamdan uzib qo‘yilgandek tasavvur uyg‘otishi mumkin, biroq bu uning Ukraina va Suriya bo‘yicha harakatlariga deyarli ta'sir ko‘rsatmadi".
Tramp esa Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash uchun Obama ma'muriyatining bir qator siyosiy qarorlaridan voz kechishi darkor.
Milliarderning bayonotlariga ko‘ra, Eron bilan yadroviy kelishuv, Kuba bilan munosabatlar va iqlim bo‘yicha Parij bitimi masalalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bular Obama tomonidan eng katta siyosiy yutuqlar deya baholanadi.
Britaniyaning “Gardian” nashri esa AQSh oddiy fuqarolari fikrini shunday ifodalagan: "Ko‘plab sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, bank, fuqaro erkinliklarida u ko‘proq narsa qilishi mumkin edi”. Ammo qilmadi...