Turli mamlakatlar yetakchilari o‘rtasidagi masofali muloqot - odatiy hol. Biroq, OAVga ko‘ra, Barak Obama saylovlar arafasida Rossiya prezidentiga AQShdagi ovoz berish jarayonlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida aytish uchun Moskva bilan maxsus "qizil telefon" orqali bog‘langan.
Manbaga ko‘ra, bu o‘sha "qizil telefon" emas, shunchaki yopiq aloqa kanali bo‘lgan.
Shunday bo‘lsa-da, bu qanday telefon?
Eng avvalo, dunyo yetakchilarining bu kabi muzokaralari qanday tashkil etilishini anglab yetish lozim.
Muzokaralar
Masalan, AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Germaniya federal kansleri Angela Merkelga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Bu qanday amalga oshadi? Kunning istalgan paytida mobil telefon orqalimi? Ehtimol, sms'ning o‘zi yetar?
Albatta, hammasi u qadar oson emas. Amal qilinishi kerak bo‘lgan ma'lum bir reglament bor, prezident ma'muriyati xodimlari va boshqa amaldorlar tomonidan muayyan tayyorgarlik ko‘rilishi kerak.
Agar ikki mamlakatning munosabatlari barqaror bo‘lsa, tomonlardan birining operativ markazi boshqasi bilan bog‘lanib, "prezidentimiz sizning rahbaringiz bilan suhbatlashishga tayyor" deyilsa, bas.
Aloqalar u qadar yaqin bo‘lmasa, mamlakatlardan birining elchisi o‘z rahbari nomidan rasmiy so‘rov yuborishi kerak bo‘ladi. Tomonlar telefon qo‘ng‘irog‘ining sabablari, bo‘lg‘usi suhbat mavzusini muhokama qilishadi, shundan so‘ng unga prezidentning (kanslerning yoki vazirning) jadvalidan bo‘sh vaqt izlashadi.
2014 yilda Yahoo News muxbiri Olive Noks Barak Obama, kenja Jorj Bush va Bill Klintonning yordamchilaridan AQSh prezidentlarini xorij rahbari bilan suhbatga qanday tayyorlashlari haqida batafsil so‘rab bilishga harakat qildi.
Bu ish bilan suhbatdoshi haqida to‘liq ma'lumotni tayyorlovchi Milliy xavfsizlik kengashi (NSC) shug‘ullanadi. Unda barcha ma'lumotlar bo‘ladi - suhbatdoshning fe'li, shaxsiy hayoti, yaqinlarining salomatligi va h.k.
Masalan, biror bir mamlakat prezidenti turmush o‘rtog‘ining tobi qochib qolsa, NSC unga albatta xushmuomala bo‘lishni va rafiqasining salomatligi haqida so‘rashni eslatib qo‘yadi.
Prezident yordamchilaridan biri eski va qadrdon telefon apparati nimasi bilan yaxshi ekanligiga izoh berdi. "Bunday suhbat vaqtini ko‘chirishga hojat qolmaydi. Telefonni yoqish va xavfsizlantirish nisbatan oson. Bunday telefon deyarli hammada bor", - deya izoh berdi u.


















