Jamiyat | 21:41 / 22.12.2016
8137
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy harbiy bojxona institutida Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha o‘tkazildi

Oliy harbiy bojxona institutida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha o‘tkazildi.

Tadbirni Oliy harbiy bojxona instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Suyunov kirish so‘zi bilan boshlab, O‘zbekiston xalq shoiri, va adib, taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shganligini, uning ijodiy merosi yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida ulkan ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi ham xalqimizning atoqli shoirimizga nisbatan cheksiz hurmat-ehtiromidan dalolat beradi.   

Oliy harbiy bojxona institutida ham Erkin Vohidovning hayoti va ijodi, uning boy ma'naviy merosini o‘rganish maqsadida adabiy kecha tashkil etilganligini, tadbirda taniqli jurnalist va yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimova ishtirok etayotganliklarini ta'kidlab o‘tdi.

Adabiy kechada so‘zga chiqqanlar tomonidan Erkin Vohidovning betakror ijodi milliy ruhi va xalqchilligi, hayotiyligi bilan o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallagani alohida qayd etildi.

 Atoqli shoir o‘zining ijodiy va mehnat faoliyatini yoshlar nashriyotida kichik muharrir sifatida boshladi. Keyinchalik mamlakatimizning nufuzli nashriyotlarida muharrir, bosh muharrir, shuningdek, “Yoshlik” jurnalining bosh muharriri, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti direktori kabi vazifalarda samarali mehnat qildi.

Erkin Vohidov yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qo‘shig‘im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” kabi she'riy to‘plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko‘hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So‘z latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Yesenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi.

Erkin Vohidov xalqimiz qalbidan munosib joy egallab, uning ishonchli namoyandasi sifatida davlat va jamoat ishlarida faol ishtirok etdi. U 1990–1995 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi qo‘mitasi raisi, 1995–2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi, 2005–2009 yillarda Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi kabi mas'ul lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimova Erkin Vohidovning nafaqat shoir balki oila boshlig‘i, komil farzandlarning mehribon otasi sifatidagi ijobiy xislatlarini e'tirof etdi.

Tadbir so‘ngida Oliy harbiy bojxona instituti tinglovchilari Erkin Vohidov ijodiga mansub vatanparvarlikni tarannum etuvchi she'rlardan namunalar o‘qidilar.

Mavzuga oid