10:39 / 26.12.2016
9365

Germaniyaga kelayotgan turk qochqinlari soni uch baravarga oshdi

Foto: Google image

Germaniya hukumati Turkiyaning qochqin maqomini olish bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolari miqdori o‘tgan yil bilan taqqoslaganda uch baravarga ortganini ma'lum qildi. Bu haqda Der Spiegel jurnali federal hukumat ma'lumotlariga asosan xabar bermoqda.

Germaniyada 2015 yil davomida 1,8 ming turk fuqarolari boshpana so‘rashgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida bunday insonlar soni 5,2 mingni tashkil qildi. Ularning 4 mingdan ortiqrog‘i (taxminan 80 foizi) kurdlardir. Turkiya hukumati so‘nggi vaqtlarda mamlakatda taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi bilan kurashni faollashtirib, parlamentdagi kurdlarga aloqador bo‘lgan xalqlar demokratiyasi Partiyasi yetakchilarini hibsga oldi. "Anqara kurdlar bilan to‘xtovsiz kurash olib bormoqda", - deya So‘llar partiyasining (SP) Bundestagdagi deputati Ulla Yyelpkening so‘zlarini keltiradi nashr. Aynan SP kelayotgan turk qochqinlari haqida ma'lumot yig‘ishga tashabbus ko‘rsatdi.

Germaniyalik mutaxassislarning fikricha, bu ko‘rsatkichning keskin ortishi 15 iyulda ro‘y bergan isyonning bostirilishi bilan bog‘liq. "Turkiya – bu xavfsiz va qochqinlar boshpana topa oladigan mamlakat emas", - deya ma'lum qildi Yyelpke. Shu bilan bir qatorda, respublika hududida YeI bilan kelishuvga ko‘ra, ayni damda suriyalik 3 millionga yaqin qochqinlar bor.

Avvalroq, NATOning Germaniyaning Ramshtayn shahridagi aviabazasida xizmat qiluvchi turk armiyasining bir necha o‘nlab harbiy xizmatchilari GFRda siyosiy boshpana olish bo‘yicha murojaat bilan chiqishgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunga vatanlaridagi siyosiy vaziyat sabab bo‘lgan. Turkiyada isyondan so‘ng 7,5 ming kishi hibsga olindi – 6 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, shuningdek politsiyachilar, sudyalar va prokurorlar.

Shuningdek, bir necha turk diplomatlari ham 7 oktabr kuni GFRdan boshpana so‘rashgani ma'lum bo‘ldi. Ular davlat to‘ntarishiga urinish sabab ta'qib qilinishlaridan xavotirda.

 

Mavzuga oid
Top