Jahon | 15:29 / 28.12.2016
4721
2 daqiqa o‘qiladi

London va Parij Suriyaga vertolyot yetkazilishini taqiqlovchi rezolyutsiya tayyorladi

Foto: AP

Buyuk Britaniya va Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining Suriyaga qarshi sanksiya kiritishni ko‘zda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini tayyorladi. Bu loyiha Suriya hukumati, armiyasi va davlat tuzilmalariga istalgan vertolyotni yetkazishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Bunday choraning qabul qilinishiga asos sifatida BMT va Kimyoviy qurolni taqiqlovchi tashkilot tergov komissiyasining xulosalari aytilmoqda. Bu komissiya uchta kimyoviy hujum bo‘yicha javobgarlikni Damashq zimmasiga yuklagan. Bu hujumlar davomida, taxmin qilinishicha, xlorli konteynerlar harbiy vertolyotlardan tashlangan.

Rezolyutsiya qabul qilinsa, Suriya hukumatiga "istalgan vertolyot yoki u bilan bog‘liq materiallar, jumladan ehtiyot qismlarni" yetkazib berish, sotish yoki uzatishga taqiqlov kuchga kiradi. 

Hujjatda, shuningdek, go‘yoki kimyoviy hujumlarga aloqasi bo‘lgan 11 nafar jismoniy shaxs va 10 ta tuzilmaga manzilli sanksiyalar ko‘zda tutilgan. Ularga qarshi ko‘riladigan choralar orasida aktivlarni muzlatish va mamlakatdan chiqishni taqiqlash bor.

Rezolyutsiya loyihasi sanksiyalar tartibi bajarilishini kuzatadigan, 6 nafar mutaxassisdan iborat maxsus qo‘mita yaratishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, Suriya hukumatiga mamlakatda mavjud bo‘lgan barcha zaharlovchi moddalar haqidagi ma'lumotni taqdim qilish uchun 30 kunlik muddat beriladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid