Jahon | 23:16 / 30.12.2016
98228
6 daqiqa o‘qiladi

Fotojamlanma: 2016 yil quvonchlari, g‘amlari, hayratlari suratlarda

Yil yakunida Kun.uz 2016 yilning eng yodda qolgan voqealari suratlarini yig‘di. Fotojamlanmada Suriyadagi urush, AQShdagi saylovlar, mojarolar va yilning eng ko‘p diqqat markazida turgan mavzulariga oid suratlar o‘rin olgan.

2 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 78 yoshida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentabrda Samarqand shahrida dafn etildi. O‘zbek xalqi chidamli, bardoshli, sabrli eldir.

Bunga tarixning o‘zi guvoh. Asrlar davomida pishib mustahkamlangan mazkur xislat dunyodagi biror bir elatda, millatda uchramaydi. Buni o‘z yurtboshisidan ayrilgan va buni ulug‘ sabot ila qarshi olgan o‘zbekning yuz ifodasidan anglash mumkin edi.

Xalqini hurriyat sari dadil yetaklab borgan, qanchadan qancha tashvishli, bo‘hronli kunlarni boshidan o‘tkazgan, o‘zbek deya yashagan bu insondan ayrilish o‘zbek xalqi uchun oson bo‘lmadi. Ammo yuqorida aytib o‘tganimiz chiroyli sabr ila millat o‘z otasini so‘nggi manzilga munosib kuzatdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov 5 noyabr kuni olamdan o‘tdi. “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, deb kuylagan va bu savoliga o‘z diyorining har bir qarichidan javob izlagan shoirning abadiy olamga qilgan sayohati odamlarning yuragini yana bir bor larzaga soldi. O‘limning haqligi, uni oniy lahzalarda tashrif buyurishi va o‘z vazifasini astoydil amalga oshirishiga yana bir bor ayon bo‘ldi. Ha, o‘zbek xalqi 2016 yilda juda og‘ir yo‘qotishlarga uchradi, aziz boshlarni aziz tuproqqa qo‘ydi. Elim deb, yurtim deb yashagan yana qanchadan qancha farzandlar bu dunyodan ko‘z yumdi. Ularning xotirasi har safar yodga olinganda dil uvishadi, ko‘zda yosh g‘iltillaydi. Alloh ularning barchasini ruhlarini shod, borar joylarini jannatdan qilsin. Ortlarida qolgan farzandlar, shogirdlarga esa sabru jamil ato etsin.

Suriyalik ayol Halabdagi navbatdagi bombardimondan omon chiqdi.

AQSh prezidenti Barak Obama va uning oilasi bortida bo‘lgan samolyot Kuba poytaxti – Havana ustidan uchib o‘tmoqda. Bu AQSh rahbarining mamlakatga so‘nggi 88 yildagi birinchi rasmiy tashrifidir. 20 mart.

Devid Kemeron Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqishi haqidagi referendum natijalari e'lon qilingach, oilasi bilan Dauning-stritdagi qarorgohni tark etmoqda. 13 iyul.

Istanbuldagi Taqsim maydoni. Turkiyada joriy yilning iyul oyida harbiy to‘ntarishga urinish ro‘y berdi. Isyon bir kechada bostirildi. Erdo‘g‘an o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqib, ozodlik uchun kurashishga chaqirdi va omon qoldi.

Pretoriya, JAR. Paralimpiya o‘yinlarining oltin medali sohibi Oskar Pistorius tanishi Reva Stenkampning qotilligi yuzasidan olib borilgan sudda. U qotillikda ayblanib, 6 yilga qamaldi.

Kolumbiyadagi aviahalokatda nobud bo‘lgan «Shapekoense» klubining muxlislari jamoa qarorgohiga tashrif buyurib, futbolchilar xotirasini yodga olishdi.

Rim papasi Frantsisk fashistlarning Osventsim lageri darvozasidan kirmoqda. Fotosuratchi yaxshi kadr olishga muvaffaq bo‘lgan: Arbeit Macht Frei yozuvi fonida pontifikning qayg‘usi yanada samimiyroq ko‘ringan.

Shimol va Janub. Olimpiada xalqlarni birlashtiradi.

"Suriya demokratik kuchlari"ning ayollar bataloni.

NASA astronavti Skott Kelli mevalar qurshovida. Amerikalik o‘z missiyasi davomida kosmosda inson organizmidagi moddalar almashinuvi hodisasini tadqiq qildi.

19 sentabr kuni Hollivud aktrisasi Anjyelina Joli va Bred Pitt ajrashish uchun ariza topshirdi. Ajrashuv sababi noma'lumligicha qolmoqda.

Xitoydagi Chendu hayvonot bog‘ida tashrif buyuruvchilarga 23ta panda bolasi namoyish qilindi. Hayvonot bog‘ida pandalar tug‘ilishi bo‘yicha rekord.

Iroqlik askar panada turib IShIDga qarshi harbiy amaliyot vaqtida jangarilarni o‘qqa tutmoqda.

Olmaotadagi liboslar ko‘rgazmasi haftaligi vaqtida qo‘lida avtomat tutgan modellar sahnaga chiqib keldi.

5 yoshli Omran Daqnish Halabdagi aviaudarlardan keyin xarobalar ostidan olib chiqildi. U Bashar Asad rejimi jabrdiydasi sifatida mashhurlashdi.

Nadejda Savchenko asirlikdan qaytarildi. U shundan buyon Ukrainaning o‘ziga muammo tug‘dirib kelmoqda.

Tramp - Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi prezidenti. 8 noyabr

AQSh rahbari Barak Obama va mamlakatning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uydagi suhbatdan so‘ng. 10 noyabr.

Mao Tszedunning 36 metrli haykali Xitoyning Tunsyuy viloyatilik amaldorlar buyrug‘iga ko‘ra paydo bo‘ldi. Biroq u bir necha kun o‘tib yo‘q bo‘lib qolgan.

Yil boshida Messining afg‘onistonlik 5 yoshli muxlisi Murtazo Ahmad kumiri libosini sellofan xaltadan yasab olgach, mashhurlashdi. Yil oxirida u o‘z kumiri bilan uchrashdi.

AQSh prezidentligi uchun saylovda Demokratlar partiyasi nomzodi bo‘lgan Hillari Klinton turmush o‘rtog‘i, mamlakatning sobiq prezidenti Bill Klintonn bilan tushlik vaqtida.

O‘rta Yer dengizi yil davomida yana ko‘p kishilarni "o‘z og‘ushiga oldi". Suratda gretsiyalik qutqaruvchi qochqin oila farzandini suvdan olib chiqmoqda.

Palmiradagi Antik davrga mansub amfiteatrda rossiyaliklar orkestri konsert bermoqda. Shahar shu yilning 28 martida IShIDdan ozod qilingandi.

Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovni otib o‘ldirgan Mert Oltintosh. 19 dekabr.

Mavzuga oid