Nahotki Erdo‘g‘an bosh vazirsiz qolsa?
Turkiya parlamentining maxsus komissiyasi 30 dekabr kuni respublikaning parlament boshqaruv shaklidan prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tishini ko‘zda tutuvchi konstitutsiyaviy islohot loyihasini tasdiqladi. Mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgarishlar kiritish loyihasi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahbarlik qiluvchi hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi tomonidan kiritilgan.
Qonun loyihasi endi deputatlar tomonidan muhokama qilinadi. Agar 550 parlamentariydan 330 nafari mamlakatning bosh qonuniga o‘zgarishlar kiritish uchun ovoz bersa, u holda bu masala umumxalq referendumga qo‘yiladi. Loyiha mualliflarining fikricha, plebissit 2017 yilning mart yoki aprel oyidayoq o‘tkazilishi mumkin.
Deputatlar qonun loyihasini tasdiqlashsa, ulardan so‘ng turk fuqarolari ham uni qo‘llab-quvvatlasa, mamlakatning nafaqat konstitutsion va hukumat tizimi o‘zgaradi, balki boshqa islohotlar ham boshlanadi. Tashabbuskorlarning taxminiga ko‘ra, bu islohotlar Turkiyaning demokratlashuv jarayoniga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi kerak.
Dastlab loyihaga 21 tuzatish kiritish ko‘zda tutilgandi. Maxsus komissiyaning 10 kun davom etgan majlisidan keyin 18 tuzatish qilishga qaror qilindi.
O‘zgarishlar mohiyati nimadan iborat?
- Turkiya 2019 yilga qadar o‘tish davriga kiradi, bu davr ichida mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazilmaydi;
- Davlat rahbari va deputatlar 2019 yilda, bir kunda saylanadi. Shundan keyin saylovlar har 5 yilda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, loyihaga muvofiq prezident o‘z lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishi mumkin bo‘lmaydi;
Aynan shu band ekspertlar jamiyati tomonidan eng ko‘p tanqidga uchramoqda, zero shunday bo‘lgan taqdirda, Erdo‘g‘an 2029 yilgacha hukumat tepasida qolish huquqiga ega bo‘ladi;
- Bosh vazir lavozimi bekor qilinadi. Davlat rahbari vitse-prezidentlar, vazirlar va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarni tayinlash imkonini qo‘lga kiritadi;
- Prezident davlat byudjyeti loyihalarini tayyorlash va tasdiqlash uchun parlamentga taqdim etish huquqini oladi. Qolgan qonunchilik funksiyalari parlamentariylar tasarrufida bo‘ladi;
- Prezident parlamentga bosim o‘tkazish imkonini qo‘lga kiritadi - u istagan vaqtda parlamentni tarqatib yuborish haqida e'lon qilishi mumkin;
Turkiya rahbari shunday qilgan taqdirda uning vakolat muddati avtomatik ravishda qisqaradi, mamlakatda esa yangi saylovlar (parlament va prezidentlik saylovlari) o‘tkaziladi.
- Parlament deputatligiga nomzodlarga nisbatan yoshga doir qo‘yiladigan talablar o‘zgaradi. Hozirda salohiyatli nomzod 25 yoshga yetishi kerak bo‘lsa, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda, 18 yoshli xalq nomzodlari paydo bo‘lishi mumkin. Deputatlarning umumiy soni 550dan 600 nafarga oshadi.
Mavzuga oid
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
23:25 / 04.11.2024
Gurjistonda minglab odamlar parlament saylovlari natijasiga qarshi mitingga chiqdi
19:06 / 29.10.2024
Gurjistonda ommaviy norozilik ortidan saylovdagi ovozlar qayta sanaladi
11:10 / 28.10.2024