Jahon | 12:55 / 31.12.2016
7862
5 daqiqa o‘qiladi

Pan Gi Mun: Men hali BMTni ko‘p sog‘inaman

Foto: © AP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) rahbari Pan Gi Mun 31 dekabr, shanba kuni, ikki 5 yillik muddatdan keyin o‘z lavozimini tark etadi. 2017 yilning 1 yanvaridan BMT bosh kotibi lavozimini portugaliyalik Antoniu Gutteresh egallaydi. 

2007 yilda Kofi Annanning o‘rnini egallab, Jahon tashkilotining bosh kotibi lavozimiga kirishishidan avval Pan Gi Mun Janubiy Koreya TIV rahbari bo‘lgan. U vazir lavozimida atigi 2 yil faoliyat ko‘rsatgan - 2004 yilning yanvaridan to 2006 yilning dekabrgacha. 

Uning BMT rahbariyatidagi so‘nggi 5 yili eng og‘ir inqirozlardan biriga to‘g‘ri keldi - Suriya va Ukraina. Mojarolarni hal qilishga urinishlar va qarama-qarshi tomonlarni yarashtirish hech qanday natijaga olib kelmadi. 

Umuman olganda, u tinchlikni qo‘llab-quvvatlash va BMT faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha bir qator islohotlar o‘tkazdi. Jahon tashkiloti saytida ta'kidlanishicha, uning bosh kotib lavozimidagi asosiy yo‘nalishlari - barqaror rivojlanishga ko‘maklashish, ayollar huquqi va imkoniyatlarini oshirish, inqiroz va beqaror holatidagi mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash, qurolsizlanish borasida yangi dinamikani rag‘batlantirish, qurol nazorati va uni tarqatmaslik. 

BMT Xavfsizlik Kengashidan minnatdorchilik

O‘z vakolatlarini topshirishdan avval BMT Xavfsizlik Kengashi Pan Gi Munga minnatdorchilik bildirdi - tashkilot uning "xalqaro tinchlik, xavfsizlik va rivojlanishni  ta'minlash, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va madaniy sohalardagi xalqaro muammolarni hal qilishga qaratilgan sa'y-harakatlari" tan olingan rezolyutsiyani qabul qildi. Shuningdek Pan Gi Munning "inson huquqlarini hurmat qilish va barcha uchun asosiy erkinlikni ta'minlash"da roliga alohida urg‘u berildi. 

Xavfsizlik Kengashi a'zolari Pan Gi Munning ikki asosiy yutug‘iga e'tibor qaratishdi - 2030 yilga qadar barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi va Parij iqlim bitimining qabul qilinishi. Bularning barchasi "muzokarachining mahorati va diplomatning uzoqni ko‘ra bilishi" natijasidir. 

Bundan tashqari, uning gumanitar yordamni yetkazish yo‘lidagi harakatlari alohida ta'kidlandi. 

BMT farzandi

BMT Bosh Assambleyasidagi so‘nggi nutqida Pan Gi Mun o‘zini "BMT farzandi", deb atadi. "Koreya urushidan keyin BMT yordamida oyoqqa turganmiz. Biz BMT darsliklari bo‘yicha ta'lim olganmiz. BMT bizning yolg‘iz emasligimizni ko‘rsatdi. Men uchun tashkilot kuchi hech qachon mavhum tushuncha bo‘lmagan", - dedi u.

Pan Gi Mun BMT haqida yoqimli xotiralarni saqlab qolishini aytdi. 

"Men hali BMT va uning tashqarisida ajoyib insonlar bilan ishlashni sog‘inaman. Ko‘plab yoqimli xotiralarni o‘zimda saqlab qolaman. Bu sizlarni qabul qilish uchun so‘nggi imkonim bo‘lsa-da, barchangizni kelajakda shaxsan ko‘rishga umid qilaman", - dedi Pan Gi Mun jahon yetakchilari bilan bo‘lgan tushlikda. 

Tartibga keltirilmagan Suriya

Pan Gi Munning qarama-qarshi tomonlarni yarashtirishga bo‘lgan urinishlariga qaramay, Suriyadagi inqiroz avvalgidek qolmoqda. Bosh kotib shunday vaziyatda lavozimini tark etayotganidan taassufda ekanini bildirdi hamda Suriyaga ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tomonlarni "tungi dahshatga nuqta qo‘yish"ga chaqirdi. U Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh bosh kotibi Jon Kerrining bu muammoni hal qilish yo‘lidagi sa'y-harakatlarini alohida ta'kidlab o‘tdi. 

Bosh kotibdan Janubiy Koreya prezidentligigacha

Ma'lumki, Pan Gi Mun 2017 yilning yanvar oyi o‘rtalarida Nyu-Yorkdan Janubiy Koreyaga qaytishni rejalashtirmoqda. Koreya Respublikasida kelasi yilda muddatidan avval prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Shu munosabat bilan Pan Gi Munning Janubiy Koreya prezidenti bo‘lishi mumkinligiga doir gap-so‘zlar faollashmoqda. Uning o‘zi ham Janubiy Koreya prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkinligiga ishora qildi. 

RealMeter agentligi o‘tkazayotgan ijtimoiy fikr so‘rovnomasiga ko‘ra, Pan Gi Mun Janubiy Koreya muxolifatning sobiq yetakchisi Mun Chje Inani biroz ortda qoldirmoqda. So‘rovnoma ma'lumotlariga ko‘ra, Pan Gi Munning mashhurligi bir hafta ichida 2,8 foizga yetgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid