Oq libosdagi dog‘larning har biri sharmandalikdir
Oppoq libos. Oq libosni yuzi nurli, najot kutiladigan inson – shifokorlar kiyadi. U hamisha og‘ir kunlarimizda, qiyinchilik damlarimizda jonimizga oro kirgan. Tishimiz og‘risa ham, boshimiz og‘risa ham faqat uning yoniga najot – shifo istab boramiz. Dardimizga shifo topsak, shifokorimiz qadrdon aka-ukamiz, opa-singlimizga aylanib qoladi. Ba'zan yaxshi niyatlar ila shifokor, hamshiralarning ismini farzandimizga, nabiralarimizga qo‘yamiz – u ham katta bo‘lganda insonlarni davolasin, dardiga malham bo‘lsin deb. Zero, dinimiz insonlarga foyda keltirgan, og‘irini yengil qilganga ulkan savoblar, ajrlar va'da qilgan. Shifokorlik mana shunday sharafli, savobli hamda mas'uliyatli kasb!
Oq libos poklik, halollik ramzi. Ammo shifokorlikning oq libosini kiyib qora ishlar (fidoyi shifokorlardan ming bor uzr so‘rayman) qilayotganlari ham oz emas. Ba'zi shifokorlar pul ilinjida, ba'zilari obro‘, ba'zilari amal kursiga ishqiboz bo‘lib, kim ekanligini, nima ish qilishi lozimligini unutib qo‘yadi – oq libosiga dog‘lar sochadi.
O‘quvchim darsga kelmay qo‘ydi. Tishi og‘rib qolibdi. Ancha kun yo‘q bo‘lib ketdi. Kelgach, shunchaki tishi og‘rimagani, balki jarrohlik operatsiyasini boshidan o‘tkazganini aytib qoldi. Tishi og‘rib stomotolog huzuriga boribdi. Doktor qurtlagan tishini igna bilan tozalayotganida igna nerv kanallari orasida sinib, milkka sanchilib qolibdi. Doktor singan ignani chiqarmay, tishni yopib qo‘yibdi. Ukol ta'siri tarqab, og‘riq zo‘rayibdi. Og‘riqsizlantiruvchi dorilarning hech biri ta'sir qilmabdi. Holat yomonlashavergach, boshqa shifokorga murojat qilgan. Rentgen qilingach, milk orasida ignaning uchi borligi ma'lum bo‘lgan. Shifokor tishni sug‘urib, milkni kesib, ignani olib tashlabdi. O‘quvchim darsga kela boshladi, ammo hali ham og‘riqlari bosilmagan, o‘ziga kelmagan. Darsda boshini qo‘yib, rangi oqarib bir holatda o‘tiradi.
*****
Dugonam bir necha yillardan beri farzand kutadi. Har bir maqtovi qilingan, o‘zgalar farzand ko‘rishiga sababchi bo‘lgan shifokorning daragini topsa, darrov huzuriga chopadi, dardiga shifo izlaydi. Bir kuni xomush holda uchratdim: shifokori yozib bergan dori va ukollarini topolmayotgan ekan. Topganlari ham juda qimmat bo‘lib, hammasini olishga imkoni yo‘qligidan ko‘zi to‘la yosh. Dorixonaga kirdik, ro‘yxatni ko‘rsatdik. Dorixonachi kulib, bu dorilar o‘rniga oddiy antibiotiklar qabul qilsa ham bo‘lishini, qog‘ozda yozilgan dori bilan antibiotik tarkibi bir xil ekanligini, farqi biri o‘zimizda, biri xorijda ishlab chiqarilganiligida ekanini aytib qoldi. Dugonam ko‘nmadi. Doktor qattiq tayinlagan, olib bormasam jahli chiqadi, deya unamay turib qoldi. Bir amallab ko‘ndirdik. Qimmat dorilar o‘rniga oddiy, tarkibi bir xil arzonroq doridan oldik. Dugonam muolajaga shifokori huzuriga ketdi. Keyingi kun gaplashsak, shifokor dorilarni ko‘rib ularni uloqtirganini, agar farzand kerak bo‘lsa, barcha aytganlarini so‘zsiz bajarishini, “hech narsadan xabari yo‘q aptekachilar”ni aytganini qilmay, “10 yil oliygohda o‘qigan” doktorga quloq solishini tayinlagan. O‘zi aytgan dorilar falon manzildagi dorixonadan topilishi, boshqa yerlarni qidirib ovora bo‘lmasligini ta'kidlagan. Farzand ko‘rish uchun hamma narsaga shay dugonam “xo‘p” deya yana dorixonalarni kezib chiqibdi. Oxiri ba'zi tabletkalar, ukollarni topgan, ba'zilarini topa olmagan. Topganlarini muolaja boshlash uchun oilaviy shifoxonasiga – doktor yoniga olib chiqibdi. Doktorning chehrasi biroz yorishib, endi muolajani tezlik bilan boshlash kerakligini aytibdi. So‘ralgan dorilarning ustki qismini yirtib olib, dorilarni bir tartibda ichishni o‘rgataman debdi, muolaja boshlabdi. Xullas, qolgan dorilarni topish uchun sargardon bo‘lib turgan kunlarida tanish shifokorimga qo‘ng‘iroq qildik, dorilar haqida so‘radik. U tashvishli ohangda “10 yil oliygohda o‘qigan” shifokorga bormasligimizni, bu qadar kuchli doriga ehtiyoj yo‘qligini qattiq tayinladi. Buning ustiga dugonamdan so‘ralgan dorilar chet el firmalariniki bo‘lib, yirtib olingan har bir etiket uchun 1-2 AQSh dollarida “xizmat haqqi” ajratilishi, buning ustiga oddiy antibiotiklardan farq qilmasligi ma'lum bo‘ldi.
Dugonam chuv tushgani, shifokor tanlashda adashgani, dardiga davo istab borgan insoni bemorlariga faqat “daromad manbai”, deya qaraydigan “tijoratchi” bo‘lib chiqqanidan uvvos solib yig‘lab yubordi.
Dard chekayotgan insonga bu kabi munosabatda bo‘lish, cho‘kayotgan insonga qo‘lingni ber deya, oqim tarafga itarib yuborishga o‘xshaydi. Dugonam qachondan beri shifokorlarga ishonmaydi, davolanishiga hafsalasi ham yo‘q...
*****
Bir qarindoshimiz shifoxonada olamdan o‘tdi. Ta'ziya boshlanib ketdi. Dafn marosimiga tayyorlanish boshlandi: qabr qazildi, yuvuvchi, marosim mashinasi chaqirtirildi, uzoq-yaqindan qarindoshlar, mahalla-ko‘y jam bo‘ldi. Hamma qayg‘uda. Visir-visir boshlandi...
• Kim bilsin, peshinga deyishyapti...
• Voy, aylanay. Mayit hali yo‘q-ku!
• Nima?! Hamma narsa taxt – mayit yo‘q?!
Gap-so‘z ko‘paydi. Peshinga yaqinlashib qoldi, mayit esa yo‘q. Qo‘ng‘iroq qildik. Ruxsatnoma beradigan doktor yo‘q ekan. Buning ustiga mayit yorilmasa, javob ham berilmasmish. Yana allaqanday hujjatlar zarur ekan. Xullas, janoza asrga qoladiganga o‘xshadi. Mayitning yaqinlari jigarining o‘lganiga kuysinmi, jasadini olish uchun yugursinmi?! Toqati toq bo‘lgan opa shart turib, shifoxonada yugur-yugur qilayotgan jiyanlariga sim qoqdi:
• Muddaosini ochiq aytsin! Yoradigan holi yo‘q-ku ukaginamning. Kasal bo‘lib, ozib-to‘zib hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa!
• Ammajon, “qistir” deyishyapti...!
• Qancha?!
• .. ko‘kida. Shunda yorishmasakan, tezda qo‘yib yuborar ekan...
• Uzat, uzat noinsoflarga! O‘lik ustidan pul yeyishadi-ya! Adangning sovuq jasadi mustar bo‘lib qolmasin...”.
Birozdan so‘ng mayit keltirildi. So‘nggi manzilga kuzatildi.
*****
Tanishim to‘rtinchi farzandiga homilador bo‘ldi. O‘ziga yaxshi ginekolog topdi. Nazoratda bo‘ldi. Barcha aytganlarini qildi. Oy kuni yaqinlasha boshlaganida qattiq ta'yinladi:
• Uchala qizimni ming mashaqqat bilan dunyoga keltirganman. Shu bolamni qo‘lga olsam, inshaalloh, boshqa homilador bo‘lmasam ham kerak. Alloh o‘g‘il beradiganga o‘xshab turibdi. Jon doktor, tabiiy tug‘ruqqa sog‘ligim to‘g‘ri kelmaydi, tanim zaif, buning ustiga yoshim katta. Iltimos, vaziyatga qarab, jarrohlik amaliyoti o‘tkazing. Oldingi tug‘ruqlarda ham hushimdan ketib qolardim. Bunisida hushimdan ketsam, tabiiy tug‘ruqqa dosh berolmayman...
• Vahimachi bo‘lmang! Yaxshi niyat qiling, amaliyotni nima qilasiz? Men, mana, necha yillardan beri shu borada ilmiy ish olib boryapman. Sizni o‘zim, o‘z qo‘llarim bilan tabiiy tug‘dirib olaman. Buning uchun menda zarur ilm, kerakli asboblar yetarli. Hali rahmat deysiz. Siz birinchi ham, oxirgisi ham emassiz...”.
Kutilgan kun keldi. Tanishimning tajribasi aldamadi: tug‘ruq jarayoni qiyinchilik bilan boshlandi, onadan suv keta boshladi. Bola chiqay demasdi. Ona aytganidek o‘zidan ketdi. Kuchanishga holi qolmadi. O‘z bilimiga ishongan doktor onaning iltimosini esladi: meni jarrohlik amaliyoti bilan tug‘diring... Amaliyotga kech bo‘lgandi. Bolaning oyog‘i ko‘rindi. Uni maxsus tortgich asbobida chiqarib olishdi. Bolajon ko‘karib, jonsiz holatda dunyoga keldi. Onasining hushsiz tanasiga umid bilan qo‘yildi, nafas olarmikin, deya bor imkoniyat ishga solindi, biroq foydasi bo‘lmadi. O‘ziga ishongan ginekolog dovdirab qoldi, hushsiz ona, jonsiz bolaga qarab, bemorining yolvorganlarini esladi: “O‘zim tabiiy tug‘olmayman. Jarrohlik o‘tkazing...”. To‘g‘ri bu taqdir. Jon berguvchi ham, olguvchi ham Alloh. Ammo o‘ziga bu qadar qattiq ishonish, tajribaga suyanib, voqelikdan ko‘z yumish vijdon azobida yondiradi.
O‘z ishiga puxta bo‘lmagan ikki insondan qo‘rqiladi: biri olim, biri shifokor. Olimning noto‘g‘ri fatvosi oxiratni kuydirsa, shifokorning noto‘g‘ri muolajasi inson hayotini so‘ndiradi.
O‘z kasbiga mas'uliyat bilan qaramagan, umid bilan kelgan bemorga mador bo‘lish o‘rniga, uni o‘z orzu-havaslarining amalga oshishida bir vosita qilib oladigan shifokorning oppoq kiyimida dog‘lar paydo bo‘ladi. Bu dog‘larning har biri esa sharmandalikdir. Sharmandalikning esa Hisob kunida javobi bor!
Nilufar SAIDAKBAROVA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Manba: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy veb portali
Mavzuga oid
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
15:56 / 08.10.2024
Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat
17:35 / 03.10.2024