Jamiyat | 22:12 / 09.01.2017
25408
6 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat va jazo: Qimordan chiqqan balo

Foto: Huffingtonpost.com

1994 yilda Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Jahongir Sarimsoqovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ota-onasi boshqalar qatori farzandiga ulkan niyatlar bog‘lashgandi. Beboshligini sho‘xlikka, qaysarligini bolalarcha erkalikka yo‘yishdi. Ammo uning bu “xurmacha qiliq”lari gazak olib borar, qayerda to‘rt odam birlashib ko‘ngil xushlashadigan bo‘lsa, u ham o‘sha yerda hozir bo‘lardi. Bu ish pokni nopokmi, to‘g‘rimi noto‘g‘rimi, oxiri nima bilan tugaydi, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmasdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Shomurod Tohirjonov esa salkam qirq yoshda. Uch nafar qorako‘zning otasi. Muqim bir joyda ishlamaydi.

O‘sha paytda u uyiga yondosh bo‘lgan joydagi molxonada qorovul edi. O‘ziga o‘xshagan “o‘yinqaroq”larni yig‘ib, ko‘ngilxushliklar, vaqtichog‘lik qilishga unda fursat ko‘p bo‘lar, molxonani go‘yo “qimorxona”ga aylantirib olgandi.
Xullas, joriy yil boshida, qishning ayni sovuq kunlarida sodir bo‘lgan hodisaga ham ana shunday bemaqsad o‘tirishlardan biri sabab bo‘ldi.

Dastlab 500 so‘mdan tashlab qarta o‘yini bilan davrani qizitgan yigitlarning ko‘ngillari ichkilib tusab qoldi. O‘rtada spirtli ichimlik hozir bo‘ldi. Uchinchi shisha bo‘shaganda vaziyat keskinlasha boshladi. Yigitlar o‘zaro gap talashib, tortishib ketishar, bir-birining hamiyatiga tegishdan zerikishmas, aksincha, o‘zlarini go‘yo “sher” deb bilishardi.

Ayni shunday bir paytda yigitlarning birini oila a'zolari chaqirib qoldi, biri esa “holvaning ham ozi shirin” ma'nosida “bo‘ldi qillaring, yetar” dedi va chiqib ketdi. 
Davraning “kenjatoyi” Jahongir bilan Shomurod esa talashib-tortishib o‘yinni davom ettirishardi. Ayniqsa, Jahongir “tog‘ni talqon qilib yuborgudek”, o‘zidan qariyb yigirma yosh katta bo‘lgan Shomurodning “g‘irrom”ligidan kuyunib, jig‘ibiyron bo‘lardi. “Sening aqlingni kiritib qo‘yaman”, derdi o‘zicha g‘udranib.

-  Nima deding, kimning aqlini kiritib qo‘yasan? Sen shunaqa aqllimisan hali?
-  E-e, bo‘ldi, bu yerda janjallashavermanglar! Tur, Jahongir, tashqariga chiq, tinchlik bormi-yo‘qmi o‘zi sening dastingdan?!
Yana bir sherigining unga qarshi gapirgani J.Sarimsoqovning boshiga gurzi bilan urgandan battar bo‘ldi. U alamini ichiga yutib, sekin yurib tashqariga chiqib ketdi. Shu tobda o‘z-o‘zi bilan ovora bo‘lgan hamrohlar bolaning pichoq olib chiqib ketganini hatto sezishmadi ham.

J.Sarimsoqov ko‘p kutmadi. Uning ortidanoq qo‘zg‘algan sheriklarining biri u tomon, biri bu tomonga yurdi. Har qancha pana bo‘lmasin, yo‘l torligi bois Olim Turg‘unov Jahongirni ko‘rib qoldi.

-  Iye, hali ham shu yerdamisan, nega ketmading? – dedi shoshib unga qararkan.
-  Shomurod akamdan kechirim so‘ramoqchiman, shunga qaytib keldim...
-  U ketdi. Kech bo‘ldi, ertaga kechirim so‘rarsan, yur, ketdik...
-  Siz boravering, men hozir...

Tez-tez odimlab ketgan Jahongirning ortidan biroz qarab turgan Olim yo‘lida davom etdi.

Hali uyiga yetib ulgurmagan Shomurod orqasidan birov kelayotganini yo angladi, yo anglamadi, birdan kuragi tagida nimadir jizillagandek bo‘ldi. Bexos og‘riqdan yuzi burishib ketdi. Shoshib ortiga o‘girildi-yu, qo‘lida pichoq bilan turgan Jahongirni ko‘rdi.

-  Ey, jinni bo‘lganmisan? Nima qilganing bu?!

Uning gapi tugamay yana bir joyiga, keyin yana va yana... pichoq sanchilaverdi. O‘zini o‘nglashga harakat qilgan Shomurodning ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Jahongirning esa endi ko‘zi ochilganday, qilib qo‘ygan ishining nechog‘li dahshatli ekanini endi anglaganday qo‘lidan pichoq tushib ketdi va orqa-oldiga qaramay qochdi.

Darvozasi oldiga yetib kelib qolgani, ayolining uxlamay o‘tirgani va shovqinni sezib yugurib chiqqani Sh.Tohirjonovning joniga oro kirdi. O‘z vaqtida shifoxonaga yetkazib kelingani va zudlik bilan kerakli muolajalar qilingani tufayli uning hayoti saqlab qolindi.

Jahongir Sarimsoqov sud tomonidan yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. O‘z navbatida, Shomurod Tohirjonov ham qilmishiga yarasha jazoga tortildi.

Mavzuga oid