Jamiyat | 14:13 / 26.10.2025
10210
3 daqiqa o‘qiladi

5,2 mlrd so‘m qiymatdagi valutalar Tojikistonga olib o‘tilishiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyati «Farhod» postida 2 ta holatda jami 5,2 mlrd so‘mlik valutalarni Tojikistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Birinchi holatda pullar 34 kishiga bo‘lib berilgan holda o‘tishi reja qilingan bo‘lsa, boshqasida fuqaroning mashinasidan rubl, somoni, yevro, dollar, yuan, som kabi valutalar aniqlangan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Bekobod shahridagi «Farhod» chegara bojxona posti orqali valuta qimmatliklarini Tojikistonga noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi, deb xabar berdi DXX.

Jumladan, Bekobod shahrida yashovchi 35 yoshli fuqaro 18 680 300 Rossiya rubli (234,6 ming dollar), 140 700 tojik somoni (15 ming dollar) va 180 mln so‘m o‘zbek so‘mi (14,8 ming dollar)ni Tojikistonga olib chiqish maqsadida ularni qismlarga ajratgan holda tashimachi vazifasini bajaruvchi 34 kishiga (O‘zbekiston fuqarolari) bo‘lib bergan.

Bu fuqarolar chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtlarida to‘xtatib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Boshqa bir holatda bekobodlik shaxsning Tracker mashinasi tekshiruvdan o‘tkazilgan. Avtomobildan esa o‘ramlarga ajratib qo‘yilgan quyidagi valutalar topilgan:

  • 13 538 305 Rossiya rubli (170 ming dollar);
  • 24 107 tojik somoni (2585 dollar);
  • 885 yevro (1028 dollar);
  • 300 AQSh dollari;
  • 300 xitoy yuani (42 dollar);
  • 6840 qirg‘iz somi (78 dollar);
  • 10 mln 207 ming so‘m (841 dollar).

Bu fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tezkor tadbirlar davomida olingan pul mablag‘larining milliy valutadagi umumiy qiymati 5 mlrd 200 mln so‘mdan ortiqni tashkil etdi, deya aniqlik kiritdi DXX.

Tergov harakatlari davomida valutalarning haqiqiy egalarini aniqlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotgani qo‘shimcha qilingan.

«Har qanday demokratik jamiyatda qonun ustuvor hisoblanib, unga rioya qilmagan shaxs javobgarlikka tortilishi muqarrar. Bas, shunday ekan, har bir fuqaro mamlakatimizda amalda bo‘lgan qonunlarga itoat qilishi lozim, aks holda, sudning qora kursisida o‘tirishi mumkin»,  deb eslatdi DXX.

Mavzuga oid