Yevropaga anomal sovuq ob-havo yopirildi
Yevropaning turli mamlakatlarida so‘nggi kunlarda kuzatilgan kuchli sovuqlar sabab bir necha o‘n kishi halok bo‘ldi. Kuchli qor Istanbulni “falaj” qilib qo‘ygan bo‘lsa, Italiyaning bir qator hududlarida hukumat favqulodda vaziyat holatini kiritishga tayyor turibdi, Gretsiya maktablaridagi tahsillar bekor qilindi.
OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Yevropaning turli shaharlarida sovuq urishi sabab kamida 40 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati – boshpanasiz insonlar va muhojirlar.
Polshada ob-havo oxirgi hafta yakunida rekord darajadagi sovuq – 41 daraja haroratni tashkil qildi. Buning oqibatida bir necha o‘n kishi halok bo‘ldi. Mamlakat fuqarolaridan hushyor bo‘lib, boshpanasiz, keksa va yolg‘iz insonlarga ko‘proq e'tibor qaratishni so‘rashmoqda.
Italiya hukumati mamlakaning bir qator janubiy viloyatlarida favqulodda vaziyat holatini kiritishga tayyor. Bu mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari rekord darajadagi sovuq ob-havo sabab yetkazilgan zarar tufayli yuz berishi mumkin.
Rimning Il Messaggero gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, Apennin yarim orolida shunday ob-havo sabab to‘qqiz kishi halok bo‘ldi. Ular sovuq urishidan vafot etishgan.
Serbiyada ham besh kundan beri ayozli ob-havo kuzatilmoqda. Respublika gidrometeorologiya boshqarmasiga ko‘ra, bu yerda 22 daraja sovuq qayd etilgan. Rasman bir kishi halok bo‘lgani aytildi.
Gretsiyada esa mamlakatda kuzatilgan sovuq ob-havo sabab maktablardagi darslar bekor qilindi. Sababi bu yerdagi maktablar, aksariyat uylar kabi sovuq havoga moslashtirilmagan.
Germaniyada esa kuchli qor yog‘ishi davom etmoqda. Mamlakatdagi havo harorati 10 daraja sovuq atrofida qolishi xabar qilindi.
“Aksel” bo‘roni o‘tgan hafta Boltiq dengizining nemis sohiliga jiddiy zarar yetkazdi. Suv ostida o‘nlab avtomobillar qolgan.
Ispaniya davlat meteorologiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 20 viloyatida seshanba kuni ob-havo sabab xavfning sariq yoki to‘q sariq darajasi e'lon qilindi. Ba'zi bir tumanlarda 20 santimetrlik qor yog‘ishi kutilmoqda.
Istanbulda esa shanbadan dushanbaga qadar davom etgan kuchli qor megapolisdagi hayotni “falaj” holatga solib qo‘ydi. Ba'zi bir tumanlardagi qor hajmi 130 santimetrga yetdi. Shahar aeroportlarida uch kun davomida 1,5 mingdan ortiq aviareyslar bekor qilindi.
Istanbul hukumati davlat xizmatchilari ish kunini 15.30 ga qadar kamaytirdi. Bosfor bo‘g‘ozi esa kemalar qatnovi uchun yopildi.
Shuningdek, Istanbuldagi kuchli qor shaharning barcha maktablari va bir qator universitetlarida darslarning bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.
Buyuk Britaniyada hafta oxirida keskin havo harorati pasayishi va kuchli qor yog‘ishi kutilmoqda.
Chexiyada esa seshanba kuni ertalabdan havo harorati 3-5 daraja sovuqni tashkil qildi. Qor yog‘ishi to‘xtagan, aksariyat yo‘llar kimyoviy moddalar yoki texnik tuz bilan qoplandi. Biroq politsiya haydovchilarga ehtiyot bo‘lib harakatlanishni tavsiya qildi. Mamlakatda payshanba-yakshanba kunlari kuchli sovuq sabab olti kishi, ularning beshtasi – boshpanasizlar, halok bo‘ldi.