23:03 / 10.01.2017
17158

«U gollar urish uchun yashaydi». Ronaldu haqidagi 15ta yorqin iqtibos

«Real» jamoasi hujumchisi FIFA talqiniga ko‘ra, 2016 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi. Quyida ushbu portugaliyalik chempion haqida futbol olamining turli vakillari tomonidan turli davrlarda aytilgan eng yorqin iqtiboslar keltirilgan.

Ser Aleks Fergyuson, Ronalduga «MYu»da murabbiylik qilgan:
— Krishtianu Ronaldu men bilan ishlagan eng iste'dodli futbolchilardan biri. U «Manchester Yunayted» tarixidagi buyuk futbolchilarni ortda qoldirdi. U bilan faqat — Pol Skoulz va Rayan Giggzni bir qatorga qo‘yishim mumkin. Ular ham 20 yil davomida ulug‘vor o‘yin namoyish etib kelishgan.

Fernandu Santush, Portugaliya terma jamoasi ustozi, Ronalduga «Sporting»da ham murabbiylik qilgan:
— Men «Sporting»ni boshqarganimda, Ronalduga u men bilan ishlashi uchun sirkka xos tryuklarni bas qilishi lozimligini aytgandim. Unga shuningdek, futbolni barcha tomonlama o‘zlashtirishi kerakligini aytganman. Keyingi kuni mashg‘ulotga kelganimda birinchi bo‘laman deb o‘ylagandim. Biroq men ikkinchi jamoadagi do‘stlari bilan mashg‘ulot o‘tayotgan Ronalduni ko‘rdim.

Zlatan Ibrahimovich, «MYu» hujumchisi:
— Ronaldu tug‘ma talant emas — tinimsiz mashg‘ulotlar mahsuli.

Ser Aleks Fergyuson, Ronalduning «MYu»dagi ustozi:
— Ko‘plab talantli futbolchilar o‘zlarini namoyish qilish uchun urinishadi. O‘ylaymanki, Krishtianu jamoadoshlari hurmatini qozonish uchun ularning ko‘z o‘ngida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilardi.

Futbolchilar mashg‘ulotlar vaqtida o‘zlarini munosib tutishish kerak. Tajribali futbolchilar unga saboq berishardi. Bir safar Kerringtonda uning oyog‘iga boplab tepishdi va dahshatli chinqiriq eshitildi: «A-a-a-a-a!» Sheriklari unga rahm qilishmadi. Ko‘p o‘tmay u o‘zini yaxshi tutadigan bo‘ldi. Uni tarbiyalashdi. U juda aqlli yigit edi. Krishtianu angladiki, mashg‘ulotlar vaqtida uning artistliklari va baqirishlariga hech kim e'tibor qaratmaydi. Va u o‘zini o‘nglay boshladi. Tez orada bu katta o‘yinlarda ham aks etdi.

Gari Nevill, Ronalduning «MYu»dagi sobiq jamoadoshi:
— Ronaldu "MYu“ga kelganida 2-3 yil davomida jamoadoshlari tomonidan masxara qilinardi. Hozir u aynan shu harakatlar uni erkak qilib yetishtirganini tan oladi.

Gari Lineker, Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi:
— Krishtianu haqida nima deyish mumkin? U buyuk futbolchi, shunchaki buyuk futbolchi. Men hech qachon u kabi balandlikka sakraydigan futbolchini ko‘rmadim. Fenomenal sportchi.

Diyego Maradona, dunyo futboli afsonasi:
— Ronaldu — futbol javohiri. Kim futbol ishqibozi bo‘lsa, unga Ronalduning o‘yini ham yoqishi tayin. 

Xorxe Sampaoli, «Sevilya»ning argentinalik bosh murabbiyi: 
— Ronalduning asosiy muammosi shundaki, uning davri Messi bilan, futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi bilan bir davrga to‘g‘ri kelib qoldi.

Karlo Anchelotti, Ronalduning «Real»dagi murabbiyi:
— Messining zo‘rligiga Krishtianu borligi sabab. Xuddi shuningdek, Krishtianuning zo‘rligiga Messi borligi sabab.

Rayan Giggz, Ronalduning «MYu»dagi sobiq jamoadoshi: 
— U bilan kiyim almashtirish xonasida birga bo‘lish yaxshi edi, ammo u oynaga qarash uchun shunchalik ko‘p vaqt sarflardiki. Bizda avvaliga Bekhem bor edi, "MYu“ga Krishtianu kelgach, u oynani Beksdan tortib olgandi. U oyna qarshisida uzoq vaqt nima qilardi, bilmasdik, ammo biz ko‘p vaqt kutishimizga to‘g‘ri kelardi.

Zaynidin Zidan, «Real» bosh murabbiyi:
— Ronaldu tufayli bahslar yuzaga kelishi tabiiy hol. Har kim Krishtianu haqida o‘z nuqtai nazariga ega. Ronaldu o‘z vazifalarini juda o‘rinlatib bajaradi, u noyob futbolchi. U o‘z ustida ishlashda davom etmoqda.

Marselo, Ronalduning «Real»dagi jamoadoshi:
— Ronaldu gollar urish uchun yashaydi.

Raul Albiol, Ronalduning «Real»dagi sobiq jamoadoshi:
— Ronaldu — aql bovar qilmas inson. U maydondan tashqarida hamisha boshqalarga yordam ko‘rsatishga intiladi. Krishtianuning shaxsiyatida mavhum qolayotgan jihatlar bor. Odamlar hech qachon Ronalduni yaqindan bila olishmaydi. U har kuni yanada yaxshiroq bo‘lish uchun harakat qiladi. U juda saxiy inson.

Joau Arozu, Portugaliya termasida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy: 
— Agar Ronalduga jarohatlar xalaqit bermasa, u 41 yoshigacha bamaylixotir o‘ynashi mumkin. Men Krishtianu boshqa futbolchilardan ajralib turishi haqida gapirishni istamayman, ammo aytishim kerakki, u alohida xarakteristikaga ega. Yillar o‘tsada, uning tezligi pasaymadi.

Zaynidin Zidan, «Real» bosh murabbiyi:
— Men Ronalduni «Real» tarixidagi eng yaxshi futbolchi desam, oshirib yuborgan bo‘lmayman. «Real»ning hech bir futbolchisi Krishtianu qo‘lga kiritgan yutuqlarga erishmagan.

Mavzuga oid
Top