Jahon chempionatida 1/8 final bosqichi yakuniga yetmoqda. 7 iyulga o‘tar kechasi Ispaniya Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyani turnirdan chiqarib yubordi (1:0), AQSh milliy jamoasi esa kechirilgan Folarin Balogun bilan Belgiyaga yirik hisobda yutqazdi (1:4).

Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar kechmoqda: Amerika prezidenti Donald Tramp «Balogun ishi»da FIFA rahbariga bosim o‘tkazganini tan oldi, fransiyalik forvard Kilian Mbappe esa irqchilikka uchradi.

Ronaldu baribir jahon chempionatini zabt etolmadi

Portugaliya – Ispaniya 0:1
Gol: Merino, 90+1 (0:1)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh (Semedu, 56), Joau Kanselu (Dalot, 71), Joau Nevesh, Vitinya (Bernardu Silva, 83), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Leau, 71), Pedru Netu (Konseysau, 83), Krishtianu Ronaldu
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro, Rodri, Pedri (Merino, 85), Olmo (Ruis, 85), Baena (Torres, 75), Yamal, Oyyarsabal (Iglesias, 90)
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 89. Veyga, 90 – Torres, 90

Portugaliya 1/8 finalda Ispaniyaga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida gol o‘tkazib, jahon chempionatini tark etdi. Bu Krishtianu Ronaldu uchun milliy jamoa safidagi oxirgi o‘yin bo‘lib qoldi.

O‘yinning ilk daqiqalarida – maydon markazi uchun kurash kechdi. Portugaliya maydon markazini Ispaniyaga boy bermadi. Yamal o‘yin debyutida Mendesh bosimi ostida bir necha bor oddiy vaziyatlarda to‘p yo‘qotdi. Shunga qaramay, o‘yindagi ilk xavfli vaziyat aynan ispanlarda yuzaga keldi. Sakkizinchi daqiqada Olmo chiziqlar orasini kesib o‘tuvchi pasi bilan Oyarsabalni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, ammo hujumchi shoshib qoldi va yaqin masofadan turib, xato zarba berdi.

Ko‘p o‘tmay Roberto Martines shogirdlari Ronalduni zarbdor pozitsiyaga chiqarish yo‘llarini izlay boshlashdi. Standart vaziyatlardan biri ijro etilganida Krishtianu Rodri bilan kontaktdan keyin jarima maydonida yiqildi. Ammo angliyalik hakam Teylor bu epizod folga tortmaydi, deb hisobladi. Keyin esa Portugaliya sardori o‘ng qanotda yaxshi ochildi va uzatmani qabul qilib, yaqin burchakka zarba berdi – ispanlar darvozaboni ishonchli harakat qildi.

Keyin esa seyv qilish navbati Diogu Koshtaga keldi: u Lamin Yamalning o‘z uslubida yo‘llagan aylanma zarbasini ham, qaytgan to‘pga Baena tomonidan berilgan ikkinchi zarbani ham qaytardi.