7 iyulga o‘tar kechasi va tongda futbol bo‘yicha jahon chempionatida nimchorakfinal doirasida yana ikki uchrashuv o‘tkaziladi: dastlab Lamin Yamal boshchiligidagi ispan yulduzlari Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi portugal yulduzlariga qarshi maydonga chiqadi. Tongda esa turnir mezbonlaridan so‘nggisi AQSh chorakfinal yo‘llanmasi uchun Belgiyaga qarshi to‘p suradi.
Portugaliya – Ispaniya
6 iyul, 00:00. AT&T Stadium, Arlington
Ishonch bilan aytish mumkinki, Iberiya derbisi 1/8 finaldagi eng yorqin afisha. Ko‘pchilik futbol muxlislari bu o‘yinga o‘tmish va kelajak to‘qnashuvi sifatida qarashi mumkin: faoliyatidagi so‘nggi yirik turnirni o‘tkazayotgan Krishtianu Ronaldu (u o‘yin arafasida jahon chempionatidan keyin milliy jamoa bilan xayrlashishini rasman tasdiqladi) hali katta turnirlari oldinda turgan Lamin Yamalga qarshi maydonga chiqadi. Lekin hozircha bu ikki futbolchi turnirni kuchli o‘tkazmayapti. 41 yoshli portugaliyalik uchta gol urdi, ammo shundan ikkitasi ancha kuchsiz raqib darvozasiga, uchinchisini – penaltidan. 18 yoshli ispaniyalik esa birgina gol bilan cheklandi – u turnir arafasida jarohat olgandi va hali eng yaxshi formasiga qaytmagan.
Shuning uchun bu o‘yin ikki superyulduz qarama-qarshiligidan kattaroq o‘lchamga ega. Ispaniya 1/8 finalga juda yaxshi holatda yetib keldi – asosiy futbolchilar sog‘ (faqat Niko Uilyams istisno), hujum chizig‘i vakillari o‘yindan o‘yinga ochilmoqda, qolaversa, 1/16 finalda Avstriyaga qarshi o‘yinda kuch tejash imkoni bo‘ldi – raqib jiddiy qarshilik ko‘rsatmadi va «Qizil furiya» o‘z imkoniyatlarining taxminan 70 foizi darajasida o‘ynadi. Endi esa jamoadan to‘liq kuchini ishga solish talab etiladi.
Portugaliya esa o‘zi istamagan holda turnir boshidan buyon o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynay olmayapti. Roberto Martines boshqaruvidagi jamoada barqarorlik yo‘q – portugallar goh dominant o‘yin qo‘yishmoqda, goh o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarishmoqda va raqibga ko‘p imkon berib yubormoqda. Millatlar ligasi finalida Ispaniya va Portugaliya o‘rtasida teng kurash kechgandi – bu safar kuchlar nisbati qanday bo‘lishiga yaqin soatlar ichida javob topiladi. Ikki jamoa markazi ham o‘z avlodining eng kuchli vakillaridan tarkib topgani o‘yindagi intrigani oshiradi. Hozircha Rodri va Pedri bog‘lami Nevesh – Vitinya juftligidan yaxshiroq ko‘rinmoqda, ammo alohida o‘yinda barchasi o‘zgarib ketishi mumkin.
AQSh – Belgiya
7 iyul, 05:00. Lumen Field, Sietl
Turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSh milliy jamoasi guruh bosqichida betaraf muxlislarda yaxshi taassurot qoldirgan, Paragvay (4:1) hamda Avstraliya (2:0) bilan o‘yinlarda to‘liq ustunlikka erishib, guruh bosqichi masalasini muddatidan oldin hal etgandi. Pley-offda esa Bosniya va Hersogovina to‘sig‘idan o‘tildi (2:0).
















