O‘zbekiston | 08:55 / 10.01.2017
41284
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar vatandoshlarining Turkiyadagi teraktga aloqador ekaniga ishonishmayapti

8 yanvar kuni Turkiya OAV yangi yil kechasi Istanbulda amalga oshirilgan terakt ehtimoliy ijrochisining nomini oshkor qildi. U Abu Muhammad Xurosoniy nomi bilan ham tanish bo‘lgan o‘zbekistonlik Abdulgadir Masharipovdir, deb xabar qilgan Turkiya OAV. 

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek guruhlarida o‘zbekistonlikning mazkur teraktga aloqadorligi bo‘yicha rasman tasdiqlanmagan ushbu xabar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb yozmoqda Podrobno.uz sayti. 

Turkiya OAVning yozishicha, politsiya jinoyatni sodir etishda kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Abdulgadir Masharipovni gumon qilmoqda. Uning qayerda ekani noma'lum, qidiruv ishlari butun mamlakat bo‘ylab davom ettirilmoqda.

O‘zbekistonliklarning aksariyati esa, vatandoshlarining ushbu xunrezlikka aloqadorligiga ishonishmayapti. Shu bilan birga, ular mazkur axborotni Turkiya rasmiy idoralari tasdiqlamaganini ham qayd etishgan. Bundan tashqari, tarmoq foydalanuvchilari o‘zbek tilida "Abdulgadir" ismi yo‘qligini yozishgan. 

"Kim u aslida?! Dastlab o‘zbek deyishdi, keyin qirg‘iz, keyin uyg‘ur, endi yana o‘zbek!!", - deb yozadi izoh qoldirganlardan biri. 

"Bu turklarning o‘zi kim o‘q uzganini bilmaydi, bir qarasang qirg‘izistonlik, keyin amerikalik, endi o‘zbekistonlik deyishyapti. Xulosa chiqarishdan oldin, yaxshilab aniqlab olinglar", - deydi yana bir foydalanuvchi.

"Osiyoliklar bir-biriga o‘xshaydi. Har qalay qardosh xalqlar, shu sababli turklar aniqlay olmayapti va kimni aybdor qilishni bilmayapti", - deya fikr yuritadi boshqa biri. 

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning ko‘pchiligi Turkiya huquq-tartibot idoralarining zaif faoliyat yuritishini qayd etishgan. Ular yoki qasddan yoki savodsizligi sababli tergov jarayoni xususida OAVda ma'lumot berib borishadi. Shu bilan millatlararo kelishmovchilik urug‘ini sepishadi. 

Boshqa bir o‘zbekistonlik, "men terrorchi turklardan biri bo‘lib chiqsa ajablanmayman. Bunday deyishga asos bor! Ulardan biri Rossiya elchisini o‘ldirdi! Ularda milliy va davlat xavfsizligi sohasi zaif! Tuzilmalar ishlamaydi yoki o‘z foydasiga o‘yin ko‘rsatadi!", - deb qayd etgan.

"Jinoyatchining millatini ko‘rsatguncha, ishlash, ushlash kerak. Yozda hamma malakali kadrlarni haydadi, faqat ilmsizlari qoldi!", - deb yozgan boshqa bir foydalanuvchi.

Yana bir jihat shundaki, o‘zbekistonliklarning aksariyati, sodir etilgan voqea mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashishiga olib keladi, deb ishonmoqda. 

"Qirg‘izmi, o‘zbekmi, yo boshqasimi. Albatta, sharmandalik. Biroq bundan ham yomoni, u yerda biznes qiluvchi yoki ishlayotganlarga yaxshi bo‘lmaydi. Turk huquq idoralari surishtirib o‘tirmasdan ularni nazorat qilishni boshlaydi. Qochqinlarga eshikni ochishdan avval o‘ylash kerak edi. Afsus", - degan fikrni qoldirgan boshqa bir o‘zbekistonlik ayol. 

"Asosiysi, bu endigina iliqlashib borayotgan O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatmasa bo‘lgani. Buni dushmanlar qanchalik xohlashmoqda … albatta, o‘zlarini "do‘st" deb atayotgan ayrimlar ham", - deb yozadi yana biri. 

Biroq o‘zbekistonliklar bir narsada yakdil fikr bildirishgan: terrorchi kim bo‘lib chiqishidan qat'i nazar inson emas, u qonunga ko‘ra jiddiy jazoga tortilishi kerak. 

"U qayerdan va kim bo‘lmasin otish kerak! U odam emas", - deya ta'kidlagan bir foydalanuvchi. 

"Agar u haqiqatan o‘zbek bo‘lib, mamlakatimizni sharmanda qilgan bo‘lsa, qonun bo‘yicha jazolashsin", - deydi boshqa biri. 

Eslatib o‘tamiz, birinchi yanvarga o‘tar kechasi Istanbuldagi ko‘ngilochar klublardan birida terakt sodir etilgan edi. Avtomat qurolga ega terrorchi dastlab, qo‘riqchini otib, so‘ngra, 700 kishi bo‘lgan klubga kirgan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, u bir necha yuz marta o‘q uzish chog‘ida 6ta o‘qdonni bo‘shatgan. Buning oqibatida kamida 39 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 60 dan ortiq odam yaralandi. Jinoyatchi voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Jinoyat uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid