Jahon | 13:17 / 11.01.2017
32049
3 daqiqa o‘qiladi

Barak Obama o‘zining so‘nggi nutqida ko‘z yoshlarini tutib tura olmadi

AQSh prezidenti Barak Obama o‘zining so‘nggi nutqida amerikaliklarni demokratiyani himoya qilishga chaqirib, ko‘z yoshlarini tutib tura olmadi.

U o‘z nutqida irqchilik va iqtisodiy notenglikni AQShdagi demokratiyaga eng asosiy tahdidlardan biri deb atadi, bu haqda Bi-bi-si xabar bermoqda.

Obamaning fikricha, Amerikadagi demokratik tuzumga siyosatchilarning g‘oyali faktlarni tanlashi ham xavf tug‘diradi. Undagi fikr “bir necha umumiy boshlang‘ich faktlarga” asoslanmagan bo‘ladi.

U bunga iqlim o‘zgarishi muammosini misol tariqasida keltirgan. Obama ma'muriyati ushbu loyiha ustida ko‘p izlanish olib borgan bo‘lsa, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp unga e'tibor berayotgani ham yo‘q.

Shuningdek, AQShning o‘z lavozimidan ketayotgan prezidenti inson huquqlariga asoslangan jahon tartibiga diniy fanatik va xorijiy avtokratiyalar tomonidan keluvchi tahdid haqida ham eslatib o‘tdi.

“Biz o‘z qarashlarimizni himoya qilishdan voz kechmasak va o‘zining kichik qo‘shnilarini qo‘rqitayotgan qandaydir yirik davlatga taslim bo‘lmasak, Rossiya yoki Xitoy kabi raqiblar jahonga ta'sir ko‘rsatish borasida bizlarga tenglasha olmaydi”, - degan Obama.

AQSh prezidenti Chikagodagi “Makkormik-pleys” kongress-markazida xayrlashuv nutqi bilan chiqish qildi. U so‘nggi nutqini Oq uyda emas, balki aynan Chikagoda so‘zlashga qaror qilganini bildirdi. Aynan shu yerda Obama 2008 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongani haqidagi xabarni olgan.

Obama bilan birga kongress-markazga birinchi xonim Mishel Obama va vitse-prezident Jo Bayden rafiqasi bilan kelgan.

Zalda taxminan 20 ming inson yig‘ildi. Avvaliga tadbirga chiptalar bepul tarqatildi, biroq keyinchalik ularning narxi internetdagi olib-sotarlarda ming dollardan oshib ketdi.

Obama tribunadan rafiqasi Mishelga qarab gapirganda ham ko‘z yoshlarini to‘xtata olmagan.

Ma'lumot uchun, AQShning birinchi qora tanli prezidenti hozirda 55 yoshda bo‘lib, u 2008 yilda lavozimiga kirishgan.

Yangi davlat rahbari Donald Tramp 2017 yilning 20 yanvar kuni qasamyod qabul qilib, o‘z lavozimiga kirishadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid