19:39 / 13.01.2017
9582

Snoudenning surati Parijdagi Ozodlik haykali uzra ko‘tarildi

Foto: AFP 2017/ Eric Feferberg

Amnesty International huquqni himoya qiluvchi tashkiloti faollari Parijdagi Ozodlik haykali uzra 2,5 metr diametrli havo sharini ko‘tarishdi, unda Amerika maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snoudenning surati aks etgan. Bu haqida RIA "Novosti" xabar berdi

"Butun dunyoni ommaviy kuzatuvdan ogoh qilgan axborotchi himoyasi uchun bundan yaxshi nima bo‘lishi mumkin? Insonlarning shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsiy fikr bildirish huquqini buzuvchi dasturiy ta'minotning mavjudligidan dalolat beruvchi hujjatlarni mardlarcha jurnalistlarga topshirgan Edvard Snouden fuqarolarning shaxsiy erkinligi himoyachisi sifatida namoyon bo‘ldi", - deyiladi Amnesty International'ning Fransiyadagi bo‘limida. 

Huquq himoyachilari ushbu aksiya orqali o‘z lavozimini tark etayotgan AQSh prezidenti Barak Obamaning Snoudenni afv etuvchi hujjatga imzo chekishiga erishishmoqchi. Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, Fransiyada mazkur mazmundagi petitsiya 132 ming kishi tomonidan imzolangan, butun dunyo bo‘yicha esa - 1 milliondan ortiq kishi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. 

Edvard Snouden 2013 yilning iyun oyida Washington Post va Guardian gazetalariga AQSh va Buyuk Britaniya maxsus xizmatlarining kuzatuv dasturlariga doir bir qator maxfiy ma'lumotlarni topshirgan. Shundan so‘ng u Hongkongga, u yerdan esa Moskvaga parvoz qilgan. Amerika hukumati uning pasportini bekor qildi. Bu Snoudenning yuridik jihatdan Rossiyani tark etishiga imkon bermasdi. 

Keyinroq Moskva Snoudenga AQShga qarshi faoliyatini to‘xtatish sharti bilan vaqtinchalik boshpana berdi. 2014 yilning 1 avgustida u nafaqat Rossiya, balki uning tashqarisida ham sayohat qilishga imkon beruvchi 3 yillik turar-joy bilan ta'minlandi. 

Mavzuga oid
Top