2017 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining ustuvor vazifalari belgilandi
2017 yil 14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O‘zAda xabar berildi.
Mamlakat Prezidenti o‘z ma'ruzasida mavjud hal bo‘lmagan muammolar va to‘liq ishlatilmagan zaxiralarni batafsil va har tomonlama muhokama qilgan holda 2017 yildagi respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim strategik vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha taklif kiritdi. Ustuvor vazifalar qatorida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida aholi bilan doimiy va ochiq muloqotni rivojlantirishga, aholi turmush darajasi va sifatini, uning moddiy farovonligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy siyosatni faol davom ettirish masalalari markaziy o‘rinni egalladi.
Hukumat, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur'atlarini saqlab qolish, faol investitsiya siyosatini davom ettirish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, hududlarni kompleks va intensiv ravishda rivojlantirish, tadbirkorlikning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, iqtisodiyotni boshqarishdagi davlat rolini bosqichma-bosqich kamaytirish va uning organlari ishini tubdan takomillashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Shahar va qishloq joylarida aholi turmush sharoitini yaxshilashni ta'minlovchi arzon uy-joylarni qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida qabul qilingan yangi maqsadli dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifa va choralar belgilandi.
Majlisda kun tartibini muhokama qilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, qator vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hisobotlari eshitildi.
Yo‘l qo‘yilgan xatolar va kamchiliklar, tashabbussizlik uchun ayrim rahbarlar ularni bartaraf etish hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarni yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali ijrosini ta'minlashda shaxsan javobgar ekanliklari haqida ogohlantirildilar.
O‘tkazilgan majlis yakunlari bo‘yicha mamlakat Prezidenti tomonidan hukumat, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar rahbarlari oldiga quyidagi aniq ustuvor vazifalar va talablar qo‘yildi:
Birinchi – 2017 yilgi iqtisodiy va ijtimoiy dasturning o‘n bitta eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Ikkinchi – iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va respublika hududlarida ishlarning holatini tizimli tanqidiy tahlil qilish va shu asosda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalariga tegishli tuzatishlar kiritish;
Uchinchi – yakuniy ish natijalari, qattiq intizomga rioya qilish hamda tobora ortib borayotgan zamonaviy talablarga muvofiq boshqaruv tizimi samaradorligini kuchaytirish borasida rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy mas'uliyatini oshirish.
Muhokama yakunlari bo‘yicha respublika hukumati qarori qabul qilinib, 2017 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Mavzuga oid
20:41 / 27.11.2024
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirishni buyurdi
11:28 / 20.11.2024
Hukumat investitsiya kompleksi iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushiradi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
20:57 / 08.11.2024