Yig‘ilishda Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilayotgan “Mahalla axborot va xizmat markazi” loyihasi taqdimot qilindi. Mazkur markaz orqali 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming nafardan ortiq aholiga 980 turdagi xizmatlar mahallaning o‘zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Bunda ijtimoiy himoya, bandlik, profilaktika, soliq, jinoyatchilik, ta’lim va hududning boshqa muhim ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar yagona raqamli tizimga integratsiya qilinadi.
Profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan taqdimotda esa huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid 18 turdagi jarayon raqamlashtirilib, xodimlarning planshetiga integratsiya qilingani aytildi. Shuningdek, inspektorlar zamonaviy bodi-kameralar bilan ta’minlanib, ularning faoliyati vaziyatlar markazi bilan uzviy bog‘langan.

Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan axborot berildi.
So‘nggi yillarda Namanganda sanoat hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgani qayd etildi. Joriy yilda Namanganda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foiz, sanoatni 9 foiz, xizmatlarni 17 foiz, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Endi mashinasozlik, metallurgiya, yengil sanoat, xizmatlar va yangi iqtisodiyot yo‘nalishlarini viloyatning asosiy drayverlariga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta “aql markazi” Namangan misolida yangi ish uslubiga o‘tadi. Ular tuman va shaharlarda iqtisodiy diagnostika o‘tkazib, mehnat unumdorligi, investitsiya sifati, kooperatsiya, biznes faollik va qo‘shimcha qiymat zanjirlari bo‘yicha yangi rezervlarni aniqlaydi.
Mutasaddilarga 1 sentabrgacha har bir tumanning sanoat salohiyatini to‘liq o‘rganib, natijasi bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqish topshirildi. “Aql markazi” tomonidan tayyorlangan har bir ilmiy ish amaliyotga joriy qilinishi, hudud yoki tarmoq rivojiga xizmat qilishi shartligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda Namangan viloyatiga budjetdan 4,5 trillion so‘m ajratilgan. Kichik va o‘rta biznes uchun 6,5 trillion so‘m resurs yo‘naltirilmoqda.










