Jahon | 08:48
865
3 daqiqa o‘qiladi

Strategik resurslar xaritasi: qaysi davlat nimani nazorat qiladi?

Dunyo iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy foydali qazilmalar zaxiralari cheklangan sondagi davlatlar qo‘lida jamlangan. Bu esa global ta’minot zanjirlari, yuqori texnologiyalar va geosiyosiy ta’sir muvozanatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Visual Capitalist tomonidan tayyorlangan infografikada temir rudasi, mis, nikel, kobalt, uran, grafit va noyob yer elementlari kabi 18 turdagi strategik foydali qazilmalarning eng katta zaxiralariga ega davlatlar aks ettirilgan.

Ma’lumotlar AQSh Geologiya xizmati (USGS)ning Mineral Commodity Summaries 2026 hisoboti hamda Butunjahon yadroviy assotsiatsiyasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, ayrim davlatlar ma’lum bir xomashyo turi bo‘yicha yetakchilik qilsa, Rossiya mineral-xomashyo resurslarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.

Avstraliya esa besh turdagi strategik foydali qazilma zaxiralari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat temir rudasi zaxiralarining qariyb 31 foiziga egalik qiladi. Shuningdek, jahondagi uran zaxiralarining 28 foizi ham Avstraliya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu uni global yadroviy energetika uchun muhim resurs bazasiga ega davlatlardan biriga aylantirgan.



Xitoy noyob yer elementlari va grafit zaxiralari bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Bu minerallar elektromobil akkumulyatorlari, shamol elektr stansiyalari, yarimo‘tkazgichlar hamda zamonaviy mudofaa texnologiyalarini ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, noyob yer elementlarining o‘rnini bosuvchi muqobil materiallar juda cheklangani sababli, ular strategik ahamiyat kasb etadi.

Ayrim foydali qazilmalar zaxiralari deyarli bitta mamlakatda jamlangan. Jumladan:

Janubiy Afrika platina guruhi metallari jahon zaxiralarining 83 foiziga ega;
Marokash fosforitlar zaxiralarining 69 foizini nazorat qiladi;
Kongo Demokratik Respublikasi esa dunyo kobalt zaxiralarining 50 foiziga egalik qiladi.

Shu bilan birga, Indoneziya jahondagi nikel zaxiralarining 44 foizini o‘z hududida jamlagan. Nikel elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishdagi eng muhim xomashyolardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tabiiy resurslarning bunday notekis taqsimlanishi zamonaviy iqtisodiyotning mineral boyliklar geografiyasiga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. «Yashil» energetikaga o‘tish va yuqori texnologiyalarga bo‘lgan talab oshib borayotgan bir sharoitda strategik konlar ustidan nazorat nafaqat iqtisodiy ustunlik, balki xalqaro siyosatda muhim ta’sir vositasiga ham aylanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid