O‘zbekiston | 01:48 / 16.01.2017
52762
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Ayrim rahbarlarning childirmasiga o‘ynash davri o‘tdi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. 

"Barchamiz so‘zsiz tushunamizki, iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish iqtisodiy va moliyaviy organlarning samaradorligiga bog‘liq. Ular yaqin va uzoq istiqbolda mo‘ljallangan, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga doir strategik vazifalarni nafaqat ishlab chiqish, balki amalga oshirishni ta'minlashlari zarur". 

Shu o‘rinda Shavkat Mirziyoyev bundan bir necha yil oldingi hukumat majlisida iqtisodiyot vazirligi va uning sobiq rahbari G‘ulomovning faoliyati qattiq tanqid qilinganini yodga soldi. 

"Hukumat majlisida Iqtisodiyot vazirligi respublikaning boshqa vazirlik va idoralari uchun lokomativ vazifasini bajara olmayotgani ta'kidlangan edi. Afsuski, bugun ochiq aytish kerak, Iqtisodiyot vazirligi shu vazifani haligacha bajarmadi". 

Shundan so‘ng aniq fakt va muammolarga murojaat qilindi. 

"Tarmoqlar bo‘yicha tannarx o‘rtacha 10 foizga qisqartirilgan bo‘lsa-da, kimyo va yengil sanoat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va boshqa bir qator tarmoqlarning ayrim mahsulotlari qimmatligi sababli tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘la olmayapti. Ayrim korxonalar zarar bilan ishlamoqda. 

Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishning avvalgi usullari eskirdi. Eksportni prognoz qilish bilan birga importni puxta va sinchiklab prognoz qilmasligimizni qanday tushunish mumkin? 

Faqat o‘tgan yilning o‘zida mamlakatimizda mahalliylashtirilgan qariyb 400 million dollarlik mahsulot chetdan import qilingan. Ayniqsa, "O‘zbekenergo", "O‘zqurilish materiallari" aksiyadorlik jamiyati, "Olmaliq" tog‘-kon kombinati, "O‘zfarm" sanoat kompaniyasi bunga berilib ketgan. 

Hurmatli Galina Karimovna, bundan keyin har oy, har chorak yakunlanishi bilan mavjud ahvolni chuqur tahlil qilgan holda tannarxni va importni qisqartirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha xo‘jalik birlashmalari va hokimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida prezidentga shaxsan ma'lumot kiritasiz. Kiritilgan ma'lumotlarga chuqur tahlil - ko‘rilayotgan yoki ko‘rilmayotgan choralar yoritilishi, shuningdek aniq takliflar berish kerak. 

Ayrim rahbarlarning childirmasiga o‘ynash davri o‘tdi. Shu asosda har oyda bir marta prezident rahbarligida selektorlik yig‘ilishi o‘tkaziladi va tegishli baho beriladi. 

O‘z vaqtida Galina Karimovna, shaxsan siz va janob G‘aniyev erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishni taklif qilgandingiz. Bu yaxshi tashabbus, lekin u oxirigacha harakatlar bilan mustahkamlanmadi. Isbot tariqasida Navoiy erkin iqtisodiy zonasi bo‘yicha ma'lumotlarni keltiraman. 8 yil o‘tdi, atigi 24ta loyiha amalga oshirilib, ularda xorijiy investitsiyalar ulushi juda past va atigi 900 nafar odam ishga joylashtirilgan. O‘tgan yili esa mahsulot ishlab chiqarish hajmi 24 foizga kamaygan. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ishlar qanday ahvolda ekani tanqidiy tahlilni talab etadi. Bunday investitsiyalar ulushi 30 foizga tushib qolgan. 

Loyihalarni ekspertiza qilish hamda tenderlarni o‘tkazish byurokratlashib ketgani eng asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi. Loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi bo‘yicha ekspertiza agentligi tashkil etilgandan keyin ham sezilarli o‘zgarish va natija yo‘q. Agentlik rahbari Hoshimovdan tashabbus yetishmaydi. Ushbu masalalarga doir hukumatning 110-qarori toshdek qotib ketgan va 10 yildan beri qayta ko‘rib chiqilgani yo‘q. Bundan ekspertiza organlarining ayrim qo‘li egri rahbarlari va mutaxassislari ustalik bilan nopok maqsadlarda foydalanmoqda. Shuning uchun, Galina Karimovna, sizdan 15 kun muddatda ushbu qarorga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif kiritishingizni so‘rayman".

"Bularning barchasi Iqtisodiyot vazirligi va uning rahbariyati vazifasiga kirmaydimi? "Biz ishlab chiqdik va tasdiqladik, endi sizlar amalga oshirish va natija uchun majbursiz", degan fikrni qo‘llanma qilib olish mumkin emas. "Bizning qarorimiz eng yuqori bosqichdagi haqiqat va qonun", degan noto‘g‘ri prinsipga asossiz tayanish va amal qilish mumkin emas. Shu munosabat bilan bosh vazir A. Aripovdan Iqtisodiyot vazirligining butun tizimini qayta tashkil etishni ta'minlaydigan hujjatlar to‘plamini ishlab chiqishni va taqdim etishni tezlashtirishni so‘rayman. Iqtisodiyot vazirligining vazifa va funksiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur".

Mavzuga oid