Ramazonga taalluqli mish-mishlar haqida
Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.
Odatda ba'zi insonlar har xil maqsadlar bilan yolg‘on gapirishlikka urinishadi. Albatta uning sabablari ko‘p, biz uning sabablari, hukmlari va turlari haqida so‘z yuritmoqchi emasmiz, balki oxirgi bir necha kunlar ichida bilib-bilmasdan yoki qasddan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning nomlaridan yolg‘on gaplar, to‘qima hadislar tarqatilayotganligini guvohi bo‘layapmiz. Avval boshida bunga unchalik jiddiy e'tibor bermadik. Sababi, hozirgi axborot xuruji davrida bunday salbiy holatlarni, balki fitnalarni hammasiga ham javob berishlikka vaqt va imkoniyat ham yetmaydi. Qolaversa, har bir nodonning tarqatayotgan yolg‘on xabarlariga javob beraverishlik vaqtni bekorga zoye qilishlik bilan barobardir. Lekin mazkur voqea to‘g‘ridan-to‘g‘ri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga nisbatan tuhmat, yolg‘on gapirishlik va shariat masdarining ikkinchisi bo‘lmish Sunnati Nabaviyaga nisbatan xiyonat bo‘lganligi sababli, tezlik bilan bunga qarshi chora ko‘rib, raddiya berib qo‘ymoqlikni o‘zimizni burchimiz deb bildik. Chunki bunday xabarlarni tarqatayotganlarni ichida haqiqiy g‘arazli maqsadlarini amalga oshirayotganlari bilan birgalikda, o‘zlari bilmagan holda savob ish qilayapmiz deb, o‘sha xabarda tarqatilayotgan bashoratlardan umidvor bo‘layotganlar ham yo‘q emas.
Xabar esa quyidagicha:
«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Bir inson boshqa bir insonga ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo‘lib eslatsa, do‘zax olovi bu inson uchun harom qilinadi».
Birinchidan – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan sahobiyning ismi zikr qilinmagan.
Ikkinchidan – Ramazon oyining kirib kelish sanasi oldindan hech kimga ma'lum bo‘lmaydi. Demak u haqida eslatish ham mumkin emas, balki Ramazon oyining hilolini ko‘rganligini xabarini berish mumkin.
Uchinchidan – «do‘zax olovi bu inson uchun harom qilinadi» degan jumlaning o‘zi shubhali bo‘lib, bunga qalb taskin topmaydi.
To‘rtinchidan – hadisi sharifning roviysi mutlaqo yo‘q.
Mazur xabarning mazmunidan ma'lum bo‘layotgan narsa – iloji boricha tezlik bilan ommaga tarqalishligini ta'minlanishidir. Chunki omi xalq u xabardagi bashoratdan umidvor bo‘lib, uni surishtirish, tekshirish va hokazolarga vaqt sarflamasdan, tezlik bilan tarqatib, mazkur bashoratga loyiq bo‘lgisi keladi.
Bunga o‘xshagan xabarlar avvallari ham ko‘p tarqalgan, faqat u xabarlarning oxirida «Kimki bu xabarni faloncha kishiga, faloncha kunning ichida tarqatmasa, undoq bo‘ladi, bundoq bo‘ladi» yoki «falonchi tarqatmagan ekan, falon baloga giriftor bo‘libdi» degan tahdidlar bo‘lardi. Bunisida esa tahdidning o‘rniga bashorat qo‘yilibdi, xolos. Farqi shunda.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning nomlaridan to‘qima rivoyatlarni tarqatilishlikda niyatning hech qanday e'tibori yo‘q. Chunki bunday ishlarda o‘ta katta xatar bor. Balki shariatning ildiziga bolta urushlik bor. Shariatning asl manbasini o‘zgartirishlik bor. Kimlardir yaxshi niyatlar bilan bunday rivoyatlarni to‘qima bo‘lsa ham zarari yo‘q deb o‘ylasa qattiq yanglishadi. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisi shariflarida unday insonlarga umumiy tarzda qanday azob-uqubat bo‘lishligi haqida xabar berilgan.
– قَالَ أَنَسٌ: إِنَّهُ لَيَمْنَعُنِي أَنْ أُحَدِّثَكُمْ حَدِيثًا كَثِيرًا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَعَمَّدَ عَلَيَّ كَذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ اْلأَرْبَعَةُ.
وَلِمُسْلِمٍ: إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ فَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Mening sizlarga ko‘p hadis aytishimni man qiladigan narsa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga yolg‘onni qasd qilsa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deganlaridir», dedi».
To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Muslimning rivoyatida:
«Albatta, menga yolg‘on to‘qish boshqa birovga yolg‘on to‘qishdek emas. Kim menga yolg‘onni qasd qilsa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deyilgan.
Ustozimiz Shayx Hazratlarining «Hadis va hayot» kitoblarida keltirilgan mazkur hadisning sharhini o‘rganib chiqsak, ushbu masala qanchalik jiddiy ekanligi yanada oydinlashadi:
«Ushbu rivoyatdan hazrati Anas ibn Molik roziyallohu anhuning ilmiy odobga qanchalar rioya qilishlari ko‘rinib turibdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida o‘n yil bardavom turgan zot bo‘lib, sahobai kiromlar ichida eng ko‘p hadis bilguvchilardan edilar. Zehnlari o‘tkir, muhofazalari kuchli edi. Shunday bo‘lsa ham Payg‘ambarimiz aytmagan biror og‘iz so‘zni aytib qo‘yib, U zot sollallohu alayhi vasallamning:
«Kim menga yolg‘onni qasd qilsa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», degan hadislari taxtiga doxil bo‘lib qolishdan hayiqib turganlar.
Islom dini umuman yolg‘onni harom qilgan. Islom nazarida yolg‘onchi Allohning dushmani, iymonsiz hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda: «Albatta, yolg‘onni Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlar to‘qiydilar», deb marhamat qilgan. Shunday bo‘lgandan keyin Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish, u kishi aytmagan gapni aytdi, qilmagan ishni qildi, deyish misli yo‘q ulkan gunoh bo‘ladi.
Shuning uchun ham ulamolar jumhuri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qishni halol sanagan odam kofir bo‘ladi, deganlar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish Alloh taologa va Islom diniga nisbatan yolg‘on to‘qishdir.
Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari bo‘yicha aniq bilimga ega bo‘lgandan so‘nggina gapirish lozim. Gumon va taxmin bilan gapirish mutlaqo mumkin emas. Musulmon odam gumon va ishonchsiz narsalarni umuman gapirmagani ma'qul. Har bir narsaga to‘la ishonch hosil qilgandan so‘nggina gapirmoq lozim. Ayniqsa, dinu diyonatga, iymon-e'tiqodga, halol-haromga, shariat ahkomlariga va oyat-hadisga tegishli mavzuda so‘z yuritganda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Ulug‘ sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu barchamizga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Har bir gapni gapirishdan oldin agar shu gapim yolg‘on bo‘lsa, do‘zaxdagi o‘rnimni olaverishim kerak bo‘ladi-ku, degan tushuncha fikrimizdan o‘tib turishi kerak.
Hazrati Anas ibn Molik va boshqa sahobiylarning ilmiy odoblariga tahsinlar aytamiz. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan eshitib turib ham ehtiyotkor bo‘lganlariga qoyil qolamiz.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bilgan sahobalar ularni boshqalarga yetkazishda o‘ta aniqlik bilan rivoyat qilayotganlariga ishonchlari komil bo‘lsagina bu ishga jur'at etar edilar. Aks holda, hadis rivoyat qilishdan o‘zlarini tiyar edilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:
«Kishiga har bir eshitgan narsasini gapiraverishning o‘zi gunoh uchun yetarli», degan edilar.
Ya'ni, eshitgan narsasini orqa-oldiga qaramay gapiraverish gunohga olib boradi, deganlar. Har bir narsani eshitgandan so‘ng yaxshilab aniqlab, keyin gapirish kerak.
Sahobalardan Zubayr ibn Avom roziyallohu anhu hadisni oz rivoyat qiladigan kishilardan edilar. Imom Buxoriy rivoyat qilishlaricha, Zubayr roziyallohu anhuga o‘g‘illari Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu:
«Falonchi-pistonchilarga o‘xshab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilganingizni eshitmayman», debdi.
U: «Men U zot sollallohu alayhi vasallamdan ajraganim yo‘q-ku, lekin: «Kim mendan yolg‘on gap aytsa, do‘zaxdagi o‘rnini tayyorlayversin», deganlarini eshitganman», degan ekan.
Ya'ni, Zubayr ibn Avom roziyallohu anhu hadis rivoyat qilishda biror noaniqlikka yo‘l qo‘yib, gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqqanlar.
Sahobalardan Zayd ibn Arqam roziyallohu anhuga: «Hadis aytib bering», deyilsa, «Yoshimiz ulg‘aydi. Esdan chiqaradigan bo‘lib qoldik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilish qiyin narsa», der edilar.
Demak, sahobai kiromlardan hadis rivoyat qilishda o‘ta aniqlik bilan ish tutayotganiga qattiq ishonganlarigina bu ishga jur'at etganlar, qolganlar o‘zlarini tiyganlar.
Shu bilan birga, umumiy siyosat shunday bo‘lganki, hadis rivoyat qiluvchilar tekshirib turilgan. Bu ishda zarracha beparvolikka yo‘l qo‘yilmagan. Bu borada ko‘proq Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik vaqtlarida bo‘lib o‘tgan mashhur hodisa misol qilib keltiriladi.
Imom Muslim Abu Sa'id roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Abu Muso roziyallohu anhu eshik ortidan turib Umar roziyallohu anhuga uch marta salom berdi. Unga izn bermagan edi, qaytib ketdi. Umar uning ortidan odam yuborib:
«Nega qaytding?» deb so‘ratdi. U:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sizdan birortangiz uch marta salom berganida javob bo‘lmasa, ortiga qaytsin», deganlarini eshitgan edim», dedi. Umar:
«Ana shunga hujjat keltirasan, bo‘lmasa, kuningni ko‘rsataman», dedi. Biz o‘tirgan edik, Abu Muso rangi oqargan holda huzurimizga keldi, biz unga:
«Senga nima bo‘ldi?» dedik. U bo‘lgan voqeani aytib:
«Sizlardan birortangiz (ushbu hadisni) eshitganmi?» dedi. Biz:
«Ha, hammamiz eshitganmiz», dedik. U bilan bir kishini yubordilar. O‘sha odam borib xabar berdi».
Albatta, bu hadisni Hazrati Umarning o‘zlari ham yaxshi bilar edilar. Lekin siyosat uchun, odamlar hadis rivoyat qilishdek mas'uliyatli ishni oson sanab, e'tiborsiz bo‘lmasliklari uchun shundoq qilganlar. Shuning uchun ham voqea bo‘lib o‘tgandan keyin Abu Muso roziyallohu anhuga:
«Men seni biror narsada muttaham qilmoqchi emasman. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari o‘ta aniq bo‘lishi lozimligini bildirib qo‘ymoqchi edim», deganlar.
Ko‘rinib turibdiki, bir odam kim bo‘lishidan qat'i nazar, hadis eshitganini da'vo qilsa, undan buning isboti uchun guvoh ko‘rsatish so‘ralgan. Ya'ni, o‘sha hadisni bir kishi emas, ko‘p kishi eshitgan bo‘lishi shart qilib qo‘yilgan.
Imom Buxoriy, Imom Ahmad, Imom Termiziy va Imom Bayhaqiylar qilgan rivoyatda buyuk sahobiy Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birlari men eshitmagan bir hadisni bilishi haqida eshitib qoldim. Bir tuya sotib oldim. Unga yukimni yukladim. So‘ngra bir oy yo‘l yurib, Shomga yetib bordim. Qarasam, u odam Abdulloh ibn Anas al-Ansoriy ekan. Oldiga borib:
«Menga ma'lum bo‘lishicha, sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan zulm qilganlar muomalasi haqida men eshitmagan hadisni eshitgan ekansan. O‘sha hadisni eshitguncha men o‘lib qolamanmi yoki sen o‘lib qolasanmi, deb qo‘rqib keldim», dedim. U hadisni ayta boshladi…».
Mana azizlar, yolg‘on xabar tarqatishlikning qanchalik qabih ish ekanligini, agar bu yolg‘on Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga nisbatan bo‘lsa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Allohga va Uning diniga nisbatan yolg‘on ekanligini bir oz bo‘lsada o‘rganib chiqdik. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan shariat ahkomlarini bevosita o‘rganishlik baxtiga sazovar bo‘lgan sahobai kiromlar qanchalik ehtiyotkorlik va omonatdorlik bilan yondoshgan bo‘lsalar, oradan qariyb 1450 yilga yaqin vaqt o‘tib, bizning zamondoshlarimizning ba'zi birlari mazkur omonatlarga qanchalik beparvo bo‘layotganliklari, balki bilib turib xiyonat qilayotganliklarini nima desa bo‘ladi?
Ishoqjon BeGMATOV,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi
Mavzuga oid
08:38 / 05.03.2024
Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi
00:08 / 19.04.2023
Ramazon hayiti shanba kuni boshlanishi mumkin – astronomlar
19:03 / 18.04.2023
Ramazon oyi 29 kun ham bo‘lishi mumkin - G‘ulomiddin Xolboyev
22:23 / 04.04.2023