14:21 / 18.01.2017
11243

Zidandan katta intervyu: Bu mavsumda «Real»da 5 yomon daqiqa bo‘ldi

«Real» jamoasi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan Ispaniya Kubogining 1/4 finali doirasida «Selta»ga qarshi kechadigan uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan gaplashdi.

Bu klub yangi yildagi barcha uchrashuvlarida g‘alaba qilsa ham hayron bo‘lmayman. «Selta» – juda yaxshi jamoa, bu jamoa har o‘yinda kurash olib boradi va a'lo futbol namoyish etadi. «Real» ham o‘z navbatida o‘z maqsadlari haqida o‘ylashi kerak. Bizni Kubokdagi yana bir og‘ir uchrashuv kutmoqda», degan murabbiy.

Jurnalistlar unga Primeraning o‘tgan turida «Sevilya»ga qarshi kechgan o‘yin haqida savol berishgan. Andalusiyaliklar klubi bu uchrashuvda 2:1 hisobidagi g‘alabaga erishib, «Real»ning 40 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini yakunlagandi.

«Men bu uchrashuvda tarkibda 4 o‘zgarish amalga oshirgandim. Ha, safga qaytgan futbolchilar bor, ammo jamoaga Garet Beyl, Pepe va Fabio Koentrau yetishmayapti. Ular jarohatdan tiklanishda davom etishmoqda. Men kundan kunga kimni maydonga tushirish haqida ko‘proq o‘ylamoqdaman va bu yaxshi.

Yakshanba kungi o‘yinda futbolchilarim shunchaki «yo‘qolib» qoldi. Hozir nega bunday bo‘lganini tushunib olishimiz va bundan keyin bunaqa uchrashuv o‘tkazmaslikka harakat qilishimiz kerak. Har qanday vaziyatda ham «Real» o‘z kuchiga ishonadi.

Hatto shunday o‘yindan keyin ham men jamoada hech narsani o‘zgartirmoqchi emasman. Albatta men g‘alabali seriyamiz davom etishini istagandim, ammo nimadir o‘xshamadi va biz bu bilan shug‘ullanamiz.

Barcha yaxshi biladiki, futbolda mag‘lubiyatdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Qachondir bu ro‘y berishi kerak edi. Endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi, men muxlislarimizdan jamoani qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini so‘rayman. Kimki «Real»ning haqiqiy muxlisi bo‘lmasa, u albatta bizni tanqidlarga ko‘msin, biz bunga tayyormiz. Biz to‘g‘ri yo‘ldaligimiz ayon», degan fransiyalik mutaxassis.

U «Sevilya»ga qarshi o‘yinda «Real»ning o‘yin sxemasida kuzatilgan ba'zi o‘zgarishlar xususida so‘zlagan.

«Siz bilasizki, biz ilk marta buni sinovdan o‘tkazmayapmiz. Jamoa turli sxemalarda o‘ynay oladi. Agar xotiram pand bermasa, «Real» 3ta o‘yinda noodatiy tarzda 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynagandi. Biz «Sevilya» bilan bu o‘yinga qadar ichki chempionat va Kubok doirasida bir martadan uchrashuv o‘tkazgandik. Shu tufayli men boshqacha sxemada o‘ynashim kerak edi. Ba'zida raqibingni hayratlantirishing kerak bo‘ladi», degan Zidan.

Zidan «Selta»ga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronalduning o‘ynash-o‘ynamasligi haqidagi savolga ham javob qaytargan.

– Bu masala bugun hal etiladi. Albatta u o‘ynashni istaydi, ammo Ronaldu dam olishi kerak bo‘lsa, unga dam beriladi.

«Real» bosh murabbiyi o‘z vatandoshi, keyingi vaqtlarda ko‘p bor tanqidga uchrayotgan Karim Benzemani himoya qilishiga to‘g‘ri kelgan:

«Har kim o‘z qarashiga ega. Ammo bir narsani e'tibordan chiqarmang: o‘yin 90 daqiqa davom etadi. Siz butun o‘yin davomida xatosiz harakatlana olmaysiz. Konsentratsiya yetishmasligi haqida aytishingiz mumkin, ammo bu mavsumda «Real» faqat 5 yomon daqiqa o‘tkazdi. Hakam o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagini chalmagunicha, istalgan narsa ro‘y berishi mumkin», – deya qayd etgan Zidan.

«Real» va «Selta»ning Ispaniya Kubogining 1/4 finali doirasidagi birinchi uchrashuvi Madridda, 19 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.

Top