O‘zbekiston | 14:52 / 19.01.2017
15380
4 daqiqa o‘qiladi

Aholini, tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolar o‘z yechimini topadi

Joriy yilning 18 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining mazmun va mohiyati haqida so‘z yuritilib, bu borada O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Deputatlarning ta'kidlashicha, mazkur farmonning e'lon qilinishi xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, uning ijrosini ta'minlash «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyilni amalda qaror toptirish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etishga xizmat qiladi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, farmonga muvofiq, Xalq qabulxonalarining respublikamiz bo‘yicha butun bir tizimi tashkil etilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jismoniy shaxslar uchun ham, yuridik shaxslar uchun ham bir qator qulayliklar yaratadi. 

Bundan tashqari, bunday qabulxonalarning tashkil etilishi xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, bu orqali murojaat qiluvchi shaxslarning muammolari bilan yaqindan tanishish va ularni hal qilinishiga ko‘maklashish imkoniyatlarini yaratadi. Mazkur omillar bir butunlikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan talablar doirasida, o‘z vaqtida va sifatli, xolisona ko‘rib chiqilishini ta'minlaydi. 

Fraksiya a'zolari kun tartibidagi masalaga partiya pozitsiyasi nuqtai nazaridan yondashib, mazkur farmon barcha sohalar qatori tadbirkorlik sub'yektlarining rivojlanishiga xalaqit berayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga xizmat qilishini ta'kidlashdi. 

Yig‘ilishda farmonning yana bir muhim jihatiga e'tibor qaratildi. Ya'ni, unda murojaatlarga asos bo‘lgan tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash yuzasidan doimiy tahlillar o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Bunday tahlillarning o‘tkazilishi, shubhasiz qonunlarni qabul qilish va ularni qo‘llash amaliyotida, bu orqali esa mamlakatimizda shakllantirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamlash borasida bir qator ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Birinchi navbatda, ushbu tahlillar qabul qilingan qonunlarning ijrosi masalasida mavjud muammolarni yuzaga chiqarib beradi. Xususan, bunday omillar mavjud muammoning qonunchilikdagi bo‘shliqlar bilan yoxud uning ijrosini ta'minlashga mas'ul idoralar yoki shaxslarning xatti-harakatlari bilan bog‘liqligini yaqqol namoyon qilib bersa, ikkinchi tomondan, murojaatga asos bo‘lgan muammoning ijobiy hal qilinishi bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqishga imkon beradi. Bu esa, shu yo‘sindagi barcha murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal qilish borasida amaliy dastur vazifasini o‘taydi. Qolaversa, bunday tahlillar joylarda davlat xizmati ko‘rsatayotgan kadrlarning salohiyatini ko‘rsatib beradiki, bu esa, amalda kadrlar siyosati bilan bog‘liq islohotlarni samarali davom ettirishga turtki bo‘ladi. Zero, farmonda ta'kidlab o‘tilganidek, Xalq qabulxonalari kadrlar tarkibini aholi bilan bevosita ishlash uchun zarur bilimga, tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga, shuningdek, ma'naviy-axloqiy va psixologik fazilatlarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish va mustahkamlab borishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilishda, shuningdek fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va O‘zLiDeP fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid