Jamiyat | 20:52 / 21.01.2017
4894
2 daqiqa o‘qiladi

Daniyada voyaga yetmagan qochqinlar o‘rtasida nikoh qayd etilishi taqiqlandi

Foto: AP Photo/ Petros Giannakouris

Daniya parlamenti 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar, jumladan qochqinlar o‘rtasida nikohlarni qayd etishni man etuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda Independent nashri xabar berdi.

Qonun Daniya hududida boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohlarni haqiqiy emas deb ham tan oladi.

Integratsiya vazirligi hisobotiga ko‘ra, Daniyada nikohda bo‘lgan 27 nafar voyaga yetmagan qochqinlar ro‘yxatga olingan.

Mamlakat hukumati bir yil avval er-xotinlardan birining yoshi 18ga to‘lmagan oilani qabul qilishda ajratish rejasi haqida ham ma'lum qilgandi. Qaror OAVning mamlakatga to‘rt yoshli o‘g‘il bolalar bilan nikohi qayd etilgan 14 yoshli qizlarning kelayotgani haqidagi xabarlaridan so‘ng qabul qilindi.

Gazetaning ta'kidlashicha, voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohlar asosan Livan, Iordaniya va Turkiyadagi qochqinlar lagerida qayd etiladi. Ko‘p hollarda bu qizlarni qashshoqlik va jinsiy qullikdan saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladi. 

Qonun loyihasi bir qator huquqni himoya qilish tashkilotlari tomonidan tanqid ostiga olindi. Bolalar ishi bo‘yicha Milliy kengash vakilining nashrga ma'lum qilishicha, hujjat “bolalar manfaatini deyarli ko‘zda tutmagan”.

Qonun 1 fevraldan kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid