Donald Trampning Grenlandiyani “yutib yuborish”ga urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi. Hamkor Daniyaga nisbatan qilingan tahdidlar narxni tushirishga yordam bermadi; aksincha, sherik ranjidi va bitim tuzilishi ehtimoli avvalgidan ham kamaydi. Nizo davomida tomonlar bir-birini ayblashga ham ulgurdi. Daniya va uning YeIdagi ittifoqchilari OAVlari Trampni “yangi imperializm”da aybladi. AQSh prezidenti esa Daniyani eski uslubdagi imperializmda ayblab, “ularning kemalari orolga 500 yil avval kelgani” (garchi Tramp sanada 200 yilga xato qilgan bo‘lsa-da) Daniyaga Grenlandiyaga egalik qilish huquqini bermasligini aytdi. Bu bahsda g‘olibni aniqlash mumkinmi? Umuman olganda, orolning tub aholisi kimlar? Va nega Trampning da’volari ma’nosizdek ko‘rinadi? Bu savollarga Donald Tramp orzu qilayotgan “muz bo‘lagi” tarixidan javob izlaymiz.

Grenlandiya tarixi hayot dunyoni mustamlakachilar va ulardan jabr ko‘rgan mahalliy xalqlarga ajratadigan konsepsiyalarga nisbatan murakkabroq ekanligini ko‘rsatish uchun yaratilgandek go‘yo.

Bugungi kunda orol aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi inuitlarning ajdodlari Grenlandiyaga yevropaliklardan keyinroq kelgan va ehtimol, Grenlandiya janubidagi norveg vikinglari manzilgohlari yo‘qolib ketishida rol o‘ynagan.

Aynan o‘sha, manzilgohlar o‘zining so‘nggi kunlarini boshdan kechirayotgan vaqtda Daniya Grenlandiyani o‘zi uniya orqali egalik qilgan Norvegiya tarkibidan “olgan”. Shundan so‘ng Daniya yana 300 yil davomida bu hududga yetib borolmagan.

XX asr boshlariga kelibgina (Shvetsiyadan) mustaqillikka erishgan Norvegiya 1930-yillarda xalqaro sud orqali 500 yil oldin tashlab ketilgan Grenlandiyadagi mulklarining bir qismini qaytarib olishga uringan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

AQSh Grenlandiyani Ikkinchi jahon urushi davrida okkupatsiya qilgan (rasman — Grenlandiyaning iltimosiga ko‘ra va Daniya hukumati roziligisiz). Asos sifatida XIX asrda ilgari surilgan, hozir esa Tramp tayanayotgan dalil qo‘llanilgan: Grenlandiya Amerika qit’asida joylashgan, AQSh esa butun qit’a va umuman G‘arbiy yarimshar xavfsizligi uchun javobgarlikni bir tomonlama tarzda o‘z zimmasiga olgan.

Grenlandiya YeI a’zosi emas. U ittifoq Yevropa Hamjamiyati deb atalgan 1985 yildayoq (referendum orqali) undan chiqib ketgan. Orol Yevropa erkin baliq ovlash qoidalariga bo‘ysunishni istamagan. Shu bilan birga, Grenlandiya aholisi YeI fuqarosi pasportiga ega.