00:40 / 22.01.2017
38208

“Hilol nashr” nashriyotining markaziy kitob majmuasi ochildi

Bugun Toshkent shahrida “Hilol nashr” nashriyot-matbaa korxonasining markaziy kitob-axborot majmuasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda nashriyot xodimlari, olimlar va ziyolilar, kitobxon muxlislar ishtirok etdi. Bu haqda Ziyouz xabar berdi

Yangi majmua shinam va go‘zal kitob do‘koni, qiroatxona (kitoblarni shu yerning o‘zida o‘qish uchun sharoitlar yaratilgan), muzey (eksponatlardan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning chop etilgan deyarli barcha kitoblari, qo‘lyozmalari o‘rin olgan), kitob taqdimoti va ma'rifiy tadbirlar uchun majlislar zalidan iborat.

“Hilol nashr” nashriyotining bosh muharriri Erkin Malik majmua faoliyati bilan tanishtirar ekan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ziyo maskani hamon xalqimizga ilm ulashayotganidan mamnunligini ta'kidladi.

Nashriyot rahbari Ismoilhoji Muhammad Yusuf nashriyotning yutuqlari va kelgusidagi rejalari haqida so‘zladi.

“Oltin silsila” to‘plami muharrirlaridan Hasanxon Yahyo Abdulmajid kitobning nashr etilishi jarayoni haqida ma'lumot berdi. Muharrirning aytishicha, Islom olamidagi eng mashhur 9 hadis kitoblari tarjimasini o‘z ichiga olgan, 60 jilddan iborat ushbu akademik nashr Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh rahbarligida tarjima qilib bo‘lingan. Ayni paytda 5 ta jildi chop etildi. Boshqa jildlarini ham tahrir va nashrga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i Abdulhamid Tursunov, Abdulloh hoji Ismoilov, yuridik fanlar doktori, professor Halim Boboyev, iqtisod fanlari nomzodi, “Farzandnoma” kitobi muallifi Obiddin Mahmudov ham fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.

“Hilol nashr” nashriyoti matbaa majmuasi 2010 yildan matbaa faoliyatini boshlagan. 2011 yilda nashriyot uchun litsenziya olingan, 2012 yildan diniy-ma'rifiy va ilmiy kitoblar nashr etila boshlangan.

Hozirda nashriyot kitoblari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreyaga eksport qilinmoqda. Toshkentda 2 ta (Chorsu va Ko‘kcha filiallari), Andijon, Namangan, Marg‘ilon, Asaka, Samarqand, Denov, Urganch filiallari mavjud. Markaziy majmua Toshkent shahri, So‘galli ota ko‘chasi, 5-uyda joylashgan.

“Hilol nashr” nashriyoti bosma va elektron kitoblarini kitoblardunyosi.uz va e-hilolnashr.uz saytlari orqali onlayn sotib olish ham yo‘lga qo‘yilgan.

“Hilol-nashr” nashriyotining markaziy kitob majmuasi
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblari rastasi
“Hilol nashr” nashriyotining bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Erkin Malik
“Hilol nashr” nashriyoti rahbari, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
rahimahullohning o‘g‘li Ismoilxon Muhammad Yusuf
Toshkent shahridagi “Islom ota” jome' masjidi noib imomi
Hasanxon Yahyo Abdulmajid

 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i
Abdulhamid Tursunov
Shayx Ismoil maxdumning o‘g‘li Abdulloh hoji Ismoilov
Yuridik fanlar doktori, professor Halim Boboyev
Iqtisod fanlari nomzodi, “Farzandnoma” kitobi muallifi
Obiddin Mahmudov
Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar
Chapdan birinchi: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ukasi,
«Islomga baxshida umr» kitobi muallifi Muhammad Amin Muhammad Yusuf

 

Top