15:21 / 22.01.2017
69656

Mirziyoyev: Eng katta vabo – elektr energiyasiga pul to‘lamaslik va iqtisod qilmaslik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. 

Davlat rahbari respublikaga tashrifi doirasida xalq vakillari va faollari bilan uchrashdi. Oshkora va tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, davlat rahbari qator takliflarini bildirdi. Xususan, mamlakat elektr energiyasi tarmog‘iga zarur bo‘lgan turli uskuna va jihozlarni xorijdan import qilish o‘rniga, respublikada qo‘shma korxona tashkil etgan holda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmayotganiga e'tibor qaratgan. 

“Shuncha yil biz import olib kelyapmiz Minenergoda, uni qo‘shma korxona qilib O‘zbekistonda ishlab chiqarsa bo‘lmaydimi, bo‘ladi...xohlamaymiz, nimaga?, o‘g‘irlik!”, - degan Davlatimiz rahbari. 

Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekistonda elektr energiyasi ta'minotidagi eng jiddiy muammolardan biriga ham to‘xtalib, foydalanilgan energiya uchun haq to‘lash lozimligini xalqqa tushuntirish kerakligini ta'kidlagan. 

“Xalqqa tushuntirish kerak, ishlab chiqarilayotgan elektr energiya bedarvoza emas, bizning eng katta vabomiz, ishlab chiqarayotgan elektr energiyaga pul to‘lamaymiz va iqtisod qilmaymiz”, - deya qayd etgan Prezident.

Bosh vazir o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimovning ma'lum qilishicha, bu masala, ya'ni debitorlik qarzdorligi bilan bog‘liq og‘riqli masalani hal etish maqsadida, tumanlar ham shaharlardagi kabi 5ta – hokim, IIB boshlig‘i, prokuror, soliq va moliya sektorlariga taqsimlangan hamda ularga ro‘yxat tuzib berilgan. 

Shu bilan birga, 2017 yil 1 avgustiga qadar muddatda gaz iste'molidagi barcha debitorlik qarzi hamda elektr energiyasi bo‘yicha bir chorakda paydo bo‘lgan 3,9 mlrd so‘mlik debitorlik qarzi undiriladi. 

Shu o‘rinda, Davlat rahbari yana bir taklif bildirgan va har bir masalani hal etishda aniq-hisob kitob zarurligini qayd etgani holda, qaysi mahallada gaz quvuri o‘rniga gaz ballonlari berilishini, qaysisida buni iloji bo‘lmasa, ko‘mir yoki briket taqdim etishni yo‘lga qo‘yish kerakligini va buni xalqqa ochiq aytish lozimligini uqdirgan.  

 

Top